Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi vakillaridan iborat ishchi guruh Rossiya Federasiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o`zbekistonlik mehnat migrantlari yashash va ish sharoitlarini o`rganish maqsadida ayni kunlarda Moskva shahrida bo`lib turibdi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar bermoqda.
Ishchi guruhi bugun ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahridagi “Monolit kapital stroy” qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan o`zbekistonlik yurtdoshlarimiz tomonidan norozilik aks etgan video murojaat yuzasidan Agentlikning Moskva shahridagi vakolatxonasi va O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi elchixonasi mas`ul xodimlari bilan birgalikda voqea joyiga borib, vaziyatni o`rgandi.
Yurtdoshlarimiz bilan bo`lib o`tgan suhbat davomida ma`lum bo`lishicha, mazkur kompaniya tomonidan qurilish ob`ektiga ishga jalb qilingan 200 nafarga yaqin fuqarolarga ish haqlarining berilishi kechiktirilgan va bu holat fuqarolarning noroziligiga sabab bo`lgan. Ularning yashashi va ovqatlanishi bilan bog`liq muammolar yoki fuqarolik pasportlarini olib qo`yish holatlari bo`lmagan.
Yuqoridagi muammoni bartaraf etish maqsadida “Monolit kapital stroy” qurilish kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o`tkazildi va yurtdoshlarimizning oylik ish haqlarining o`z vaqtida to`lanishini ta`minlash bo`yicha zarur choralar ko`rishga kelishib olindi.






