Avval xabar berganimizdek, “Sputnik V” vaksinasining birinchi partiyasi mamlakatimizga etkazib berilgan edi.
Bugun tunda O`zbekiston ushbu vaksinaning navbatdagi partiyasini qabul qilib oldi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Eslatib o`tamiz, yurtimizda Rossiyaning N.F.Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Sputnik V” ommaviy foydalanish uchun sertifikatlangan va tasdiqlangan. Uni sertifikatlash jarayoni ishlab chiqaruvchilardan kerakli hujjatlar, xususan, vaksina klinik sinovlarining uchinchi bosqichi natijalarini olgandan keyingina boshlangandi.
Shuningdek, yaqin kunlarda mamlakatimizga o`zbek-xitoy ZF-UZ-VAC2001 va AstraZeneca vaksinalarining qo`shimcha dozalari etkazib berilishi kutilmoqda.
Mamlakatimizda vaksinalarni barcha hududlarga teng taqsimlash tizimi joriy qilingan bo`lib, birinchi navbatda xavf ostida bo`lgan fuqarolar emlanmoqda.






