AsosiyJamiyat

Endi yangi qurilgan uylar 2 yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida bo`ladi

'Endi yangi qurilgan uylar 2 yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida bo`ladi'ning rasmi

AOKAda Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov ishtirokida brifing o`tkazildi.

Muhim ma`lumotlar:

️Respublikamizdagi mavjud ko`p qavatli uylarning 2,838 tasi yoki jami uylarning 8% ga hech qanday xizmatlar ko`rsatilmaydi. Ular boshqaruvga ega emas.

O`tkazilgan tahlillar natijasida, 4 430ta shirkatlardan 1 351tasining moliyaviy holati yaxshi, 1 903 tasiniki o`rta va 1 176 tasiniki og`ir holatda ekani aniqlangan.

Bugungi kunda uy-joy mulkdorlari tomonidan to`lanayotgan majburiy badal mablag`larining qariyb 80 foizi oldin olingan kredit mablag`larini qoplashga yo`naltirilgan. Shirkatlarda moddiy-texnik bazani shakllantirish va ularning moliyaviy holatini barqarorlashtirish imkoni mavjud emas.

Shirkatlar tomonidan ko`rsatilayotgan servis xizmatlar sifati past, shu bois aholi orasida majburiy badal to`lovlarini to`lamaslik holati uchramoqda. Natijada olingan kreditlar o`z vaqtida qoplanmayapti.

 Ushbu holatlar ko`p kvartirali uylarning boshqarish tizimini tubdan isloh qilishni talab etadi. Bu borada ilg`or davlatlar, xususan Germaniya va Turkiya tajribasi o`rganildi. Shulardan kelib chiqib, qator takliflar ishlab chiqilib, ishlar boshlanish arafasida.  

️Bundan buyog`iga yangi qurilgan uylar 2 yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida bo`ladi. Bu nima degani?  

 

Quruvchi tashkilot ko`p kvartirali uy-joylarni loyihalash va qurish jarayonida unga xizmat ko`rsatishini ham inobatga olib yuqori sifatni ta`minlashga yanada jiddiy e`tibor qaratadi.  

Quruvchi ko`p kvartiradagi xonadonlarni xaridorga sotgan vaqtida, shu uyning majburiy badali xarajatlarini asoslantirgan holda shartnoma tuzadi.  Shuningdek, aholida fasad qismlarini o`zgartirmaslik majburiyati paydo bo`ladi.

Mavjud boshqaruv kompaniyalar hududi belgilanib biriktiriladi va hududdagi ichki kommunikasiya tarmoqlari boshqaruv kompaniya tasurrufiga o`tkaziladi.  

Boshqaruv tashkilotlarining elektron reytingi tuziladi va elektron tizimga integrasiya qilinadi.  Ya`ni aholi o`z hududlari uchun reytingda ijobiy ko`rsatkichlarga ega bo`lgan boshqaruv tashkilotlarini tanlay oladilar. O`z navbatida sohada sog`lom raqobat yuzaga keladi, xizmat sifati yaxshilanadi, pirovard natijada aholining boshqaruv tashkilotlariga ishonchi ortadi.

Shirkatlar rahbarlari va xodimlarini ko`p kvartirali uylarni boshqarish menedjmentiga, shuningdek tor doiradagi mutaxassislikka o`qitish rejalashtirilgan.  

Aholini ko`p qavatli uylarda yashash madaniyatini kichik yoshdan shakllantirish maqsadida maktab darsliklariga kommunal xizmatlardan to`g`ri foydalanish ko`nikmalari kiritiladi. 

    Boshqa yangiliklar