Bugun, 27 aprel kuni Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan o`zbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi Xitoydan yurtimizga olib kelindi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Shu kungacha yurtimizdagi vaksinasiya jarayonlari uchun jami 1 660 ming doza vaksina zaxirasidan foydalanilmoqda. Ayni paytgacha emlangan 565 ming nafardan ortiq aholining 46 foizi, ya`ni 263 ming nafardan ortig`i ZF-UZ-VAC2001 bilan emlangan.
ZF-UZ-VAC2001 bilan emlanish 65 yosh va undan katta yoshdagi emlanivchilar orasida 148 ming nafardan ortiqni, tibbiyot xodimlari orasida 114 ming nafardan ortiqni tashkil qilgan.
Kecha, 26 aprel kuni ZF-UZ-VAC 2001 bilan emlangan fuqarolar soni 14 522 nafarni tashkil qilib, ushbu vaksina bilan kunlik emlanish ko`rsatkichi 68 foizga etgani ham e`tiborga loyiq.
Eslatib o`tamiz, bundan avval yurtimizga “Sputnik V” vaksinasining 2 ta patriyasi keltirilgan edi. Shuningdek, AstraZeneca vaksinasining ham yangi patriyasini keltirish bo`yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ma`lumot o`rnida, vaksinaning 1 million dozalik avvalgi partiyasi shu yilning 27 mart kuni keltirilgan edi.






