Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi vaksina xususiy sektor tomonidan pullik tarzda qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o`rinbosari Nurmat Atabekovga murojaat qildi:
— Xususiy immunoprofilaktika muassasalar (vaksinasiya markazlari) tomonidan koronavirusga qarshi emlash jarayonlariga ruxsat berilgan. Shu bilan birga, hozirgi kunda koronavirusga qarshi vaksinalar faqat davlat buyurtmasi asosida olib kelinayotganini unutmaslik kerak, — deydi N. Atabekov. — Ushbu vaksinalar bilan aholining xavf osti guruhiga kiruvchi qatlamlari emlanmoqda.
Xususiy immunaprofilaktik muassasalar ham o`zlari koronavirusga qarshi vaksinani olib kelib, emlash jarayonlarini amalga oshirishlari mumkin. Ammo hozircha biror bir xususiy vaksinasiya markazida bunday amaliyotlar o`tkazilmayapti.
Qayd etish lozimki, keyinchalik mamlakatimizga olib kelinayotgan vaksinalarga davlat buyurtmasi shakllantirilayotgan chog`da xususiy sektor ehtiyoji ham e`tiborga olinsa (bugungi kunda vaksinalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning ishlab chiqarish quvvati ehtiyojni to`liq qondira olmayapti), uni yurtimizga etkazib berish bilan shug`ullanadigan tashkilot, shu jumladan, “Dori-darmon” AK tomonidan ham xususiy sektorga yo`naltirilishi mumkin.
Ammo hozircha faqat davlat muassasalarida xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.






