2020 yil 11 oktyabr kuni Zarbdor tumanida yashagan fuqaro M.T to`lg`oq og`rig`i bilan Zarbdor tumani tibbiyot birlashmasining tug`ruqlar bo`limiga murojaat qilgan.
Bo`limning sobiq akusher ginekologi, 1951 yilda tug`ilgan fuqaro N.M tomonidan unga homilaning atenatal o`limi, katta homila va kamqonlik o`rta darajasi bilan O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirining “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi tug`ruq muassasalarida perinatal yordam ko`rsatishning sifatini oshirish bo`yicha” milliy standartlar bo`yicha umumiy qon tahlilini dinomika qilmasdan, ultra tovush va boshqa belgilangan tekshiruvlardan o`tkazmaganligi natijasida M.Tda normal joylashgan yo`ldoshning qisman ko`chishi ro`y bergan. Shuningdek, yo`qotilgan qon miqdorini aniqlash, kerakli miqdordagi qon mahsulotlari bilan ta`minlash hamda uni jarrohlik yo`li bilan tug`dirish choralarini ko`rmaganligi oqibatida M.Tning o`limiga sababchi bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan Zarbdor tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilib, natijasiga ko`ra Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan ayblov xulosasi tuzilib, jinoyat ishi mazmunan ko`rish uchun sudga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yangiobod tuman sudining hukmi bilan fuqaro N.M Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan jazo tayinlashda aybiga iqrorligi, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini, nafaqa yoshida ekanligini inobatga olib, unga JK 45-moddasini qo`llab, 1 yil 6 oy muddatga Sog`liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida akusher-ginekolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilib, 2 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm etildi.