Jinoyat ishlari bo`yicha Koson tuman sudining 2021 yil 11 martdagi hukmiga asosan Zafar Jo`raevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Sudning hukmiga ko`ra Z. Jo`raev 2019 yil 9 dekabrdan 2020 yil 24 iyulga qadar Muborak tuman hokimligi axborot xizmati rahbari-matbuot kotibi vazifasida ishlab kelib, o`zining xizmat mavqeidan foydalangan holda fuqaro M. O`rinovga tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi, ya`ni savdo do`koni qurishi uchun kimoshdi savdosi orqali Muborak tumani markazidan er maydoni olib berishni va`da qilgan. Shu yo`l bilan uning ishonchiga kirib, 2020 yil 10 mart kuni “Milliy bank” TIF Muborak tumani filiali ma`muriy binosi oldida M. O`rinovdan 2 million 400 ming so`m miqdoridagi mablag`ni firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritganlikda aybli, deb topilgan.
Boshqa bir epizod, aniqrog`i, Z. Jo`raev Sh. Normo`minovdan 1 000 000 so`m, Z. Mustafoevdan 1 500 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritganligiga oid ayblov bo`yicha sudlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmaganligi sababli aybsiz deb topilgan va reabilitasiya etish yo`li bilan oqlangan, jinoyat ishining mazkur qismi tugatilgan.
Koson tuman prokurori tomonidan sudning mazkur hukmiga nisbatan apellyasiya protesti keltirilgan bo`lib, unda sud tomonidan Z. Jo`raev jabrlanuvchilar Sh. Normo`minov va Z. Mustafoevlarning epizodi bo`yicha asossiz ravishda oqlanganligi, jazo tayinlashda Jinoyat kodeksining 45 va 60-moddalariga asosan jazo tayinlash masalasi muhokama qilinmasdan qolganligi sababli Z. Jo`raevni oqlash qismini bekor qilib, Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismi “b”, “v” bandlari bilan aybli, deb topish, Jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, Jinoyat kodeksi 60-moddasi tartibida jazo tayinlash so`ralgan.
O`z navbatida Z. Jo`raev tomonidan sud hukmiga nisbatan apellyasiya shikoyati keltirilgan bo`lib, unda jabrlanuvchi M. O`rinovga oid epizod bo`yicha etarli dalil va guvohlarsiz ayblanganini, unga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so`ragan.
Apellyasiya instansiyasi sudida Z. Jo`raevning iltimosnomasi qanoatlantirilgan va sud majlisida OAV vakillari ishtirok etishiga ruxsat berilgan.
Sud majlisi belgilangan kuni sudlanuvchi Z. Jo`raev va jabrlanuvchi M. O`rinov so`roq qilingan, taraflar muzokarasi eshitilgan.
Sudlangan Z. Jo`raevning shikoyatidagi M. O`rinovdan pulni qarz evaziga lganligi, ushbu epizod bo`yicha uning harakatlarida jinoyat alomatlari yo`qligi haqidagi vajlari quyidagilarga asosan rad qilingan:
Jabrlanuvchi M. O`rinov arizasi va dastlabki tushuntirish xati, so`roq va o`zlashtirish chog`ida, birinchi va apellyasiya instansiyasi sudida, Z. Jo`raevga tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqchi ekanligini, er kerakligini, do`kon olish niyati borligini aytganida, auksiondan er olishda yordam qilishini bildirib, undan 2 400 000 so`m olganligini, lekin er ham olib bermaganini, pulni ham qaytarmaganini ma`lum qilgan.
Jabrlanuvchi M. O`rinovning bu tushuntirishi Z. Jo`raevga yuborilgan xabarnoma bilan ham o`z tasdig`ini topgan. Z. Jo`raev tomonidan ushbu xabarnomaga biror-bir e`tiroz bildirilmagan.
Bundan tashqari, jabrlanuvchi M. O`rinov apellyasiya instansiyasi sudida, Z. Jo`raev bilan munosabatlari unga qarz beradigan darajada yaqin bo`lmagani, o`sha vaqtda ham, hozir ham birovga qarz berish imkoni yo`qligini tushuntirib o`tgan.
Dastlabki tergov, birinchi va apellyasiya instansiyasi sudlarida, sudlangan Z. Jo`raev jabrlanuvchi M. O`rinov bilan tanishib, uning ishonchiga kirib, savdo do`koni qurish uchun auksion orqali Muborak tumani markazidan er maydoni olib berishni va`da qilib, aldash va ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan firibgarlik jinoyatini sodir etganligi o`z tasdig`ini to`liq topgan.
Sudlangan Z. Jo`raevning jabrlanuvchi M. O`rinov bilan tanishib, pulni olishdan boshlab o`tgan davr mobaynidagi harakatlari uning aynan o`zganing mulkini qo`lga kiritish maqsadida jabrlanuvchining ishonchiga kirib, aldab, uning mulkini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritganligidan dalolat beradi.
Qashqadaryo viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2021 yil 26 apreldagi ajrimiga ko`ra, sud hukmi o`zgartirilgan:
Z. Jo`raev mansabdor shaxs hisoblanmaganligi sababli Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan qo`yilgan ayb chiqarilgan.
Z. Jo`raevga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan ushbu kodeksning 57-moddasiga asosan ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Z. Jo`raevga Jinoyat kodeksi 60-moddasiga asosan ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 2 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Z. Jo`raevning dastlabki qamoqda saqlangan muddati 4 oy 20 kun Jinoyat kodeksi 62-moddasiga asosan tayinlangan 1 yil 2 oy axloq tuzatish ishlari jazosiga teng bo`lganligi sababli Jinoyat-prosessual kodeksi 463-moddasi 2-qismi 2-bandiga asosan jazodan ozod qilingan.
Hukmning qolgan qismi o`zgarishsiz qoldirilgan.
Protest qisman qanoatlantirilgan, shikoyat qanoatlantirishsiz qoldirilgan.
Sudlanuvchi va uning himoyachisiga sud qarorlari ustidan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga kassasiya tartibida shikoyat berish huquqi va tartibi tushuntirilgan.