Men korrupsionerman!

Mutolaa 29.04.2021, 01:11
Men korrupsionerman!

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanman, Bosh prokuror o`rinbosari Akmalxo`ja Mavlonovning 2020 yilda manzilli dasturlarga yo`naltirilgan 10 trln. so`m mablag`dan 845 mlrd. so`mi talon-taroj qilingani, 3,5 trln. so`mlik tenderlar noqonuniy o`tkazilgani haqidagi hisobotlari yoki 800 mln. dollardan ortiq qiymatdagi “Bunyodkor” stadioni va Islom sivilizasiyasi markazi, Vazirlar Mahkamasi, Senat, Moliya vazirligi binolari qurilish vazirining qarindoshlariga aloqador kompaniya tomonidan qurilgani haqidagi xabarlarga ko`zim tushdi. Hammayoq korrupsiya, deya xunobim oshdi. Chuqurroq o`ylab qarasam, o`zim ham g`irt korrupsioner ekanman. Ha, men korrupsionerman!

O`ZBEKChA NOMI – “SUYuNChI”

Opam farzandli bo`ldi. Tug`ruqxonaga shoshdim. Onam pul olvolishimni, uyoqqa borgach, ustida oq xalati bor kimni ko`rsam, suyunchisini berishim kerakligini aytdilar. Axir, men jiyanli bo`ldim! Nega endi tog`a bo`lib bunday qilmasligim kerak?! Do`xtirlarning boshidan pul sochishga tayyor turibmanku... Tug`ruqxonaga kelsam, qator bo`lib turishibdi hammasi. Tartibli ekan, birma-bir suyunchilarini berib chiqdim.

MUDIRANGNI “ROZI QIL”

Jiyanim 3 yoshga to`ldi. Bog`chaga gaplashish kerak. Biz ikki yo`l bor: yo mudirani “rozi qilib”, bolani bog`chada qoldirish, yoki umuman kelmaydigan navbatga yozilish. Biz birinchi variantni tanladik. Ish bitishi kerak. Keyin bilsam, bog`cha “opa”lar falonchi akaning farzandiga yaxshi qarar, buning evaziga sovg`a-salomlar olib turishar ekan. Biz ham jiyanimizga yaxshi qarashlarini xohlaymiz. Bizdan nima ketdi, biz ham sovg`a beramiz...

“ChIN KO`NGILDAN”

4 yil “lip” etib o`tib, bizni jiyan maktabga chiqadigan bo`ldi. Endi uning o`qituvchisiga har bayram-u tantanada “chin ko`ngildan” hadyalar berib turish taomili bor ekan. Kechirasiz, bu korrupsiya emas! Biz bu hadyalarni aytganimdek “chin ko`ngildan” qilamiz…

BAHOGA “ILINIB” BO`LMAYaPTI

O`zim talabaman. Universitetda ba`zi o`qituvchilarim qiynayveradi-qiynayveradi. Uch bahoimni olishim uchun bitta 48 varaqli umumiy daftar yozib to`ldirdim. Shunda ham bahoga “ilinib” bo`lmayapti. Umuman o`qimaydigan ayrim kursdoshlarilarimga hayronman, qanday qilib bahosini olib ketisharkin-a? Omadi bo`lsa kerak-da qurg`urlarni, deb tursam, “starosta” kelib “3”ga 50 000, “4”ga 80 000, “5”ga 100 000 so`m deb turibdi. Mana gap qaerda ekan! O`zimni qiynab o`tiramanmi? Shartta beli sinmagan ellik mingtalikni bervordim.

BOR UMIDIM BO`LAJAK IShXONAMDAN!

Sessiyani “yopib” bo`lib, yana ijtimoiy tarmoqlarni kuzatdim. Ajoyib xabarga ko`zim tushdi: “2021 yilning 17 fevral kuni Kadastr agentligi Zangiota tuman bo`limi boshlig`iga engil tipdagi issiqxona tashkil etish uchun ajratilgan er maydonining topografik s`yomkasini tasdiqlab berish evaziga fuqaro tomonidan 1000 AQSh dollari miqdorida pora taklif qilingan. Bo`lim boshlig`i pora taklif qilayotgan fuqaro to`g`risida Zangiota tuman Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar bergan va fuqaroning noqonuniy xatti-harakatlari fosh etilgan. Bugun yuqoridagi tashabbuskor xodim Kadastr agentligi rahbariyati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari, Toshkent viloyatidagi kadastr tizimining barcha rahbar va xodimlari ishtirokida 10 million so`m pul mukofoti hamda Xonobod sihatgohiga 2 kishilik yo`llanma bilan rag`batlantirildi”. Mana bo`larkan-ku?! Tezroq universitetimni bitirib, ishga kiraman. Umuman pora olmayman. Buning evaziga menga rad qilgan barcha poralarim miqdorida rag`batlantirishlar beriladi. E`tibor qildingizmi, rag`batlantirish so`zini qo`shtirnoqqa olmadim. Chunki u o`z ma`nosida qo`llanildi. Men xozir va shu kungacha korrupsioner edim. Ishga kirsam, bor umidim ishxonamdan! U erda meni rag`batlar kutmoqda! 

Sardorbek Rahmonqulov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1