Ro`zaga niyatni saharlikdan avval qilinadimi yoki keyin niyat qilsa ham bo`ladimi?
Ushbu savolga O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay`ati javob berdi:
— Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazon ro`zasi va nafl ro`zalarga saharlikdan avval ham, keyin ham niyat qilish joiz. Bu haqda “Al-Fatovol hindiya” kitobida shunday deyiladi:
وَوَقْتُ النِّيَّةِ كُلُّ يَوْمٍ بَعْدَ غُرُوبِ الشَّمْسِ ، وَلَا يَجُوزُ قَبْلَهُ كَذَا فِي مُحِيطِ السَّرَخْسِيِّ
ya`ni: "Niyatning vaqti har kuni quyosh botgandan keyin. Undan avval niyat qilsa, joiz bo`lmaydi" ("Muhiti Saraxsiy" va "Al-Fatovol hindiya" kitoblari)
Demak, ertangi kunning ro`zasiga niyat qilish quyosh botgandan boshlanar ekan. Bu degani bir odam xuftonni o`qib, ertasi kuni ro`za tutishni niyat qilib uxladi va tong otguncha uxlab qoldi. Saharlikdan quruq qolgan bo`lsa ham, uning niyati durust, hech narsa emay-ichmay ro`zasini davom ettirib ketaveradi.
Yana bir ko`rinishi, bir kishi saharlik qilib bo`lgandan keyin niyat qildi, bu ham joiz. Ba`zilar niyat qilishdan avval albatta suv ichish kerak, deb o`ylaydilar, lekin shariatimizda bunday ko`rsatma yo`q va niyatdan avval suv ichish shart emas, balki ixtiyoriydir.
Bu masalada muhim nuqta, Ramazon ro`zasi va nafl ro`zalarning niyatini tong otishidan avval ham, tong otgandan keyin ham qilish mumkin. Lekin qazo, kafforat va nazr ro`zalarning niyati, albatta, tong otishidan avval qilinishi kerak. Vallohu a`lam.






