Kuni kecha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Obid Zokirov ko`chasidagi ko`p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan murojaat yo`llangan. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Unda fuqarolar o`zlari yashab kelayotgan ushbu uylarni yon atroflarini obodonlashtirish maqsadida archazor barpo etganliklari va hozirgi kunda mazkur maydonda tadbirkor J.Gaziboev tomonidan ko`p qavatli turar-joy binolarini qurish ishlari boshlamoqchi ekanligi ma`lum qilingan.
Mazkur masala Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan nazoratga olindi.
Shu bilan birga, Qo`mita fuqarolar va tadbirkor o`rtasida vujudga kelayotgan muammo yuzasidan izoh so`rab, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga Senator so`rovini yubordi.
O`rnatilgan tartibda ushbu murojaatga javob olingandan so`ng, holat yuzasidan batafsil axborot beriladi.






