Prezident qarori (PQ–5094-son, 28.04.2021 y.) bilan 2021 yilda yangi ish o`rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko`maklashish bo`yicha davlat dasturi ma`qullandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Dastur 2021 yilda quyidagilarni amalga oshirishni nazarda tutadi:
● 457 127 ta doimiy yangi ish o`rinlarini tashkil etish;
● 513 575 nafar fuqaro bandligiga ko`maklashish va ish beruvchilarni rag`batlantirish.
Shuningdek, 281 ming 289 nafar ishsizlarni bo`sh va zaxira ish o`rinlariga ishga joylashtirish belgilangan.
Qarorga ko`ra, 2021 yilda aholi bandligiga ko`maklashish uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya, nafaqalar va mikrokreditlar ajratiladi:
➖ subsidiyalar ajratish uchun – 92,3 mlrd so`m;
➖ ishsizlik nafaqalari to`lab berish uchun – 65,1 mlrd so`m;
➖ kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarini qoplash uchun – 40,6 mlrd so`m;
➖ yangi ish o`rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklariga ajratiladigan resurslar uchun – 125 mlrd so`m.
Qarorga ko`ra, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga ko`maklashish markazlari huzurida faoliyat yuritayotgan vaqtincha bir martalik ish bilan ta`minlash byurolari Kunlik mehnat markazlari sifatida qayta tashkil etiladi.
Markaz ish izlovchilarni ro`yxatga oladi, ular to`g`risida ma`lumotlar bazasini yuritadi hamda ish beruvchilardan fuqarolarni vaqtincha ishlarga yollash bo`yicha buyurtmalar oladi.
Markazda vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaxslarga ularning doimiy yashash joyidan qat`i nazar (eksterritoriallik tamoyili bo`yicha), ish qidirayotgan shaxs sifatida ro`yxatga olingan holda bandlik xizmatlari ko`rsatiladi.






