“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`RQ-679-sonli Qonun bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi, Jinoyat kodeksiga qo`shimcha kiritildi.
Jumladan, MJtKga kiritilgan 2011-moddaga ko`ra:
O`zbekistonning qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan OAV, telekommunikasiya tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni ko`paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida da`vat qilish BHMning
60 baravaridan 80 baravarigacha (14 mln 700 ming so`mdan
19 mln 600 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra:
O`zbekiston Prezidentini telekommunikasiya tarmoqlari yoki Internet butunjahon axborot tarmog`idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (Ilgari Prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, mazkur jinoyatni matbuot yoki boshqa OAVdan foydalangan holda sodir etganlik uchun javobgarlik mavjud edi).
Jinoyat kodeksiga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo`ravonlik qilishga omma oldida da`vat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.
O`zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to`g`risida”gi Qonuniga kiritilgan qo`shimchalarga ko`ra veb-saytning yoki boshqa axborot resursining egasi, bloger internet tarmog`idagi o`z veb-saytidan yoki boshqa axborot resursidan quyidagi maqsadlarda foydalanilishiga yo`l qo`ymasligi shart:
- Konstitusiyaviy tuzumini, Respublikaning hududiy yaxlitligini zo`rlik bilan o`zgartirishga da`vat etish;
- ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo`ravonlik qilishga, noqonuniy yig`ilishlar, mitinglarda, ko`cha yurishlarida va namoyishlarda ishtirok etishga da`vat qilish;
- ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo`ravonlik qilishga, noqonuniy yig`ilishlar, mitinglarda, ko`cha yurishlarida va namoyishlarda ishtirok etishga da`vat qilish;
- jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg`on axborot tarqatish;
urush, zo`ravonlik va terrorizmni, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g`oyalarini targ`ib qilish;
- davlat sirlarini yoki boshqa sirni tashkil etuvchi ma`lumotlarni oshkor etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo`zg`atuvchi, fuqarolarning sha`ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo`l qo`yuvchi axborotni tarqatish;
- jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi, shu jumladan beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
- giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va prekursorlarni targ`ib qilish;
- pornografiyani, zo`ravonlikni va shafqatsizlikni targ`ib qilish, shuningdek o`z joniga qasd qilishga da`vat etish;
- fuqarolarni ularning hayotiga yoki sog`lig`iga yoxud o`zga shaxslarning hayotiga yoki sog`lig`iga tahdid soluvchi g`ayri huquqiy harakatlarni sodir etishga undashga qaratilgan axborotni tarqatish;
- qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo`ladigan o`zga harakatlarni sodir etish.
Veb-saytning yoki boshqa axborot resursining egasi, bloger bunday axborot aniqlangan taqdirda, darhol uni o`chirib tashlash choralarini ko`rishi shart.
Muxtarama TURGUNOVA, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudyasi






