AsosiyJamiyat

Qarshida 62,5 metrlik davlat bayrog`i o`rnatilmoqda. Uning birgina ustuniga 1,35 milliard so`m sarflanadi

'Qarshida 62,5 metrlik davlat bayrog`i o`rnatilmoqda. Uning birgina ustuniga 1,35 milliard so`m sarflanadi'ning rasmi

O`zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida Qarshi shahridagi Mustaqillik maydonida balandligi 62,5 metrga teng Davlat bayrog`i o`rnatiladi. Bu haqda "Qashqadaryo" gazetasi xabar berdi. 

Bugungi kunda maydonning amfiteatr oldidagi xiyobon bilan tutash qismida ulkan bayroq ustuni poydevori bunyod etilmoqda. Bu noyob ob`ektning  buyurtmachisi Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi bo`lsa, pudratchisi "Voha maxsus montaj servis" mas`uliyati cheklangan jamiyatidir.

Korxona vakillarining aytishicha, bayroqning ustun (flagshtok)i  diametri 430 millimetrdan 1220 millimetrgacha bo`lgan po`lat quvurlardan tashkil topadi. Uning barcha butlovchi qismlari maxsus buyurtma asosida poytaxtdagi "Bektemir metall konstruksiyalari" qo`shma korxonasi tomonidan tayyorlab qo`yilgan. Bichimi 25 metrga   10 metrdan iborat bayroqning o`zi esa Farg`ona vodiysidagi ishlab chiqarish korxonalaridan birida tikilgan. Shartnomalarda ko`zda tutilgan mablag` o`tkazilishi bilanoq hamkorlar ularni maxsus texnikalar yordamida viloyatimiz markaziga etkazib beradi.

Loyihaga ko`ra, Davlat bayrog`i o`rnatilgach, uning atrofidagi 2 ming kvadrat metrlik hudud obodonlashtirilib, maysazor va gulzorlar barpo etiladi, manzarali daraxtlar ekiladi va yangi yo`lakbop plitkalar terib chiqiladi. Ayni paytda Mustaqillik maydonining shu qismida bayroqning tarixi va tavsifi aks etgan tosh lavhlar ham o`rnatiladi.

Ochiq manbalardan olingan ma`lumotlarga qaraganda, Qarshi shahridagi Davlat bayrog`ining birgina ustunini bunyod etishga 1 milliard 350 million so`m mablag` sarflanadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar