AsosiyJamiyat

Mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining yakuniy bosqich bahslariga start berildi

'Mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining yakuniy bosqich bahslariga start berildi'ning rasmi

Vatan ravnaqi avvalo uning farzandlariga, ularning ma`naviy va jismoniy kamolotiga bevosita bog`liq. Shuning uchun ham Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev har bir chiqishlarida, viloyatlarga safarlarida yoshlarning vatanparvarlik tarbiyasiga alohida e`tibor qaratmoqdalar. Chunki yoshlarning bilimli va fidoyi, sadoqatli va jasur, biror kasbni mukammal egallagan vatanparvar bo`lib voyaga etishi har jabhada zarur va shartdir. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar bermoqda. 

Yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish, harbiy va psixologik tayyorgarlikka ega, buyuk ajdodlarimiz kabi mard, jasur, halol, jismonan baquvvat, bilimli, vatanparvar, qiyin va ekstremal vaziyatlarda to`g`ri harakatlanish ko`nikmalarini egallagan barkamol avlod etib tarbiyalash maqsadida joriy yildan mamlakatimizda O`zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari o`tkazilishi yo`lga qo`yildi. Mazkur musobaqalarda umumta`lim maktablarining 10-11 sinflarida tahsil olayotgan o`quvchi-yoshlar ishtirok etmoqdalar.

“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining dastlabki tuman, so`ngra Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o`tkazilgan keyingi bosqichlarida g`oliblikka erishgan eng kuchli jamoalar yakuniy bellashuvlarda ishtirok etish uchun poytaxtimizga etib keldi. Toshkent temiryo`l shohbekatida ular tantanali kutib olindi. So`nggi bosqich bellashuvlari Qurolli Kuchlar akademiyasining Chirchiq shahrida joylashgan o`quv jarayonini ta`minlash bazasida tashkil etiladi.

Mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab, uch bosqichda o`tkazilayotgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari intellektual bilim, yuksak jismoniy tayyorgarlik, boy tajriba va ko`nikmalarga ega bo`lgan harbiy xizmatchilarning yangi avlodini tarbiyalashga qaratilgan bo`lib, unda o`quvchi-yoshlar musobaqa nizomiga muvofiq “Safda qo`shiq aytish”, “Temur tuzuklari”, “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko`rsatish” shartlari bo`yicha o`zaro bellashadilar.

Bugun musobaqalarning tantanali ochilish marsimi bo`lib o`tdi. Unda mudofaa vazirining o`rinbosari polkovnik Alisher Norboev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. So`zga chiqqanlar ishtirokchilarga omad va zafarlar yor bo`lishini hamda ular haqiqiy vatanparvar, o`z nomiga munosib, yurtga tayanch va suyanch bo`lishlarini tiladilar.

Harbiy-sport musobaqalar dasturidan uning ishtirokchilari bilan turli madaniy-ma`rifiy va ko`ngilochar tadbirlar, ekskursiyalar hamda gulxan atrofida “Vazir va yoshlar”, “Qo`mondon va yoshlar” kabi ochiq va jonli uchrashuvlar o`tkazilishi ham ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar