Sardoba suv omborining o`pirilishiga Suv xo`jaligi vazirligining mas`uliyatsizligi, loyihani tuzishda seysmik chidamlilik inobatga olinmagani va qurilish loyihaga ko`ra amalga oshirilmagani sabab bo`lgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o`rinbosari, general-mayor Abdulla Qo`ldoshev brifingda ma`lum qildi.
Abdulla Qo`ldoshev to`g`on yorilishiga sabab bo`lgan omillarga to`xtalib, olib borilgan tadqiqot va tahlillar natijasiga ko`ra, to`g`on o`pirilishiga bir qator kamchiliklar sabab bo`lgani aniqlanganini aytib o`tdi.
Birinchidan, Suv xo`jaligi vazirligi tomonidan buyurtmachi xizmatini tashkil etish, loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borishda mas`uliyatsizlikka yo`l qo`yilgan;
Inshootni to`laqonli ekspluatasiya qilishda mazkur suv omboridan foydalanish qoidalari tasdiqlanmagan, bu jarayonda belgilangan texnik va me`yoriy talablar qo`pol ravishda buzilgan.
Ikkinchidan, “UzGip” MChJ loyiha tashkiloti tomonidan suv omborining ishchi loyiha hujjatlarini tayyorlash jarayonida tasdiqlangan Texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan echimlarga rioya qilinmasdan, unga o`zboshimchalik bilan o`zgartirishlar kiritilgan. Ishchi loyiha hujjatlarida to`g`onning konstruktiv va seysmik mustahkamligi inobatga olinmagan.
Uchinchidan, “O`zbekiston temir yo`llari” AJning pudrat tashkiloti va yordamchi pudrat tashkilotlari tomonidan to`g`on tanasi tuprog`ining zichligi, filtr va himoya tosh qatlami qalinligi loyihaviy ko`rsatkichdan past bo`lishiga yo`l qo`yilgan.
“Sardoba suv omborini loyihalashtirish, qurish va to`g`onning ekspluatasiyasi jarayonida xato va kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi holati bo`yicha buyurtmachi, loyihachi, qurilish tashkilotlari hamda ekspluatasiya xizmatining 17 nafar mansabdor va mutasaddi shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan”, deydi Abdulla Qo`ldoshev.
Ayni paytda ularga nisbatan ayblov xulosasi Oliy sud muhokamasiga o`tkazilgan.Hozirgi vaqtda suv omborini qurish uchun ajratilgan byudjet mablag`larining qonuniy sarflanganligi yuzasidan jinoyat ishi doirasida taftish va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
"Mazkur voqeaga daxldor barcha mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga yaqin kunlarda sud tomonidan huquqiy baho beriladi. Bu haqida jamoatchilikka qo`shimcha axborot taqdim etiladi", deya qo`shimcha qildi FVV mas`uli.






