AsosiyJamiyat

"Juda og`ir sharoitda yashayapmiz" — Prezident hokim va rahbarlarga yuzlandi

'"Juda og`ir sharoitda yashayapmiz" — Prezident hokim va rahbarlarga yuzlandi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida bugun, 30 aprel kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish bo`yicha dolzarb vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazilmoqda. Bu haqda O`zA xabar berdi

Davlati rahbari so`zining avvalida barcha sohalar bo`yicha qaror va farmonlar qabul qilinayotgani, bundan maqsad yangi ish o`rinlari yaratish va xalqimizni daromad bilan ta`minlash ekanini ta`kidladi. Qarorlar qabul qilishda har bir soha bo`yicha mablag`i va yaratiladigan ishchi joylari aniq ko`rsatilayotgani qayd etildi.

– Juda og`ir sharoitda yashayapmiz. Dunyoda iqtisodiyot bo`yicha vaziyat juda og`ir. Hamma soha bo`yicha qaror va farmonlar qabul qilib, tizimini, sharoitini yo`lga qo`yib berdik. Endi rahbarlar mablag`larni topish va joy-joyiga qo`yish bo`yicha ishlashi kerak. Yaqinda xizmatlar sohasi bo`yicha videoselektor yig`ilishida tuman va shaharlar hokimlariga barcha topshiriqlar berildi. Hokimlar xizmatlar bo`yicha qanday qarorlar qabul qiladi, nima o`zgarish qiladi – endi ular faoliyatiga shunga qarab baho beriladi, o`zgarish qilmasa tuman, shahar rahbarlari ishdan ketadi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezident rahbarlar mas`uliyati va javobgarligi masalasiga yana bir bor to`xtaldi.

– Rahbarlar har hafta xizmatlar bo`yicha tahlil olib borishi kerak. Afsuski, joylarda korrupsiya holatlari haliyam barham topmayapti. Korrupsiyani ildizi bilan yo`qotmasak, qilayotgan islohotlarimiz amalga oshmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig`ilishda qurilish materiallari, mebel, uy-joy va maishiy xo`jalik mollari, to`qimachilik, ipakchilik, farmasevtika, elektrotexnika, charm-poyabzal, zargarlik, chinni buyumlari, oziq-ovqat va meva-sabzavotni qayta ishlash kabi sanoat tarmoqlarida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilmoqda.

Qayd etilganidek, so`nggi 3 yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga oshdi. Lekin, bu hali ichki ehtiyojni to`liq qoplayotgani yo`q.

Sementga bo`lgan ehtiyoj – 86 foiz, qurilish oynasi – 69 foiz, keramik buyumlar – 40 foiz, gulqog`oz (oboy) – 30 foiz, lak-bo`yoq – 65 foizga ta`minlanmoqda.

O`tgan yili qariyb 1 milliard dollarlik (metall va yog`ochdan tashqari) qurilish materiallari import qilingan.

– Afsuski, bugungi kungacha birorta tuman, shahar yoki viloyat rahbari mahalliy sanoat salohiyati va undan foydalanishni chuqur va puxta o`ylab ko`rgani yo`q. Hududga nima chetdan olib kelinayapti, nimani o`zida ishlab chiqarish mumkin, buning uchun nima qilish kerak, degan savollar hokimlarni har kuni qiynashi kerak, – dedi Prezident.

    Boshqa yangiliklar