Bugungi videoselektor yig`ilishida 21 ta tumanda mahalliy sanoat rivojlanish darajasi o`ta qoloq ekani ko`rsatib o`tildi, deya xabar berdi O`zA.
– Keyingi 2 yilda chetdan kirgan sanoat mahsulotlari batafsil tahlil qilindi va hududlarga etkazildi. Shuning o`zi ham, har bir hududning mavjud imkoniyatlarini yaqqol ko`rsatib berdi. Ayniqsa, 21 ta tumanda sanoat rivojlanish darajasi o`ta past. Bular – To`rtko`l, Qorao`zak, Baliqchi, Jalaquduq, Vobkent, Yangiobod, Zarbdor, Muborak, Kasbi, Xatirchi, Norin, Mingbuloq, Narpay, Qo`shrabot, Oltinsoy, Oqoltin, Guliston, Oqqo`rg`on, Farg`ona, Bog`ot va Hazorasp tumanlari, – deb alohida to`xtaldi Prezident.
Masalan, so`nggi 2 yilda 6 mingga yaqin ko`p qavatli uy foydalanishga topshirilgan bo`lsa, ularga ishlatilgan materiallarning 20-30 foizi chetdan keltirilgan.
Joriy yilda qurilishi rejalashtirilgan 100 mingga yaqin xonadonning har biriga kamida 20-30 million so`mlik elektrotexnika, mebel, oshxona buyumlari, santexnika, mayda xo`jalik mollari kerak bo`ladi.
Shu bois, har bir tuman va shahar hokimlari qanday mahsulotlarni (idish-tovoq, mebel, tikuv materiali va shu kabi aholining kundalik ehtiyoji bo`lgan tovarlar) o`zida ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha o`z takliflarini berishi ta`kidlandi.
Viloyat hokimlari qurilish materiallari kabi boshqa sanoat mahsulot turlari bo`yicha ham ixtisoslashgan tumanlarni belgilab olishlari lozimligi qayd etildi.
Videoselektorda Uchko`prik tumanidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga moslashgan 5 ta qishloqda yirik trikotaj klasteri tashkil etilayotgani ma`lum qilindi. Xuddi shunday, Qo`qon shahrini – oyoq kiyimlari, Urgut tumanini – uy-ro`zg`or jihozlari va poyabzal, Samarqand tumanini qishloq xo`jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga moslashgan sanoat hududlariga aylantirish bo`yicha keng imkoniyatlar bor.
Mavzuga doir:
«Men Mamarizo Nurmuratovga ishonaman, lekin uning tizimiga ishonmayman» — prezident






