Agar Ramazon ro`zasini tutib, farz namozlarni o`qimasak bunga dinimizda qanday qaraladi?
Ushbu savolga O`zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay`ati javob berdi:
— Bismillahir Rohmanir Rohim.
Komil musulmon – Islomning farzlariga to`liq amal qiluvchi kishidir. Zero dinimiz beshta asos ustiga bino qilingan. Bu haqda Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم "بُنِيَ الإِسْلَامُ عَلَى خَمْسٍ: شَهَادَةِ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَأَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللَّهِ، وَإِقَامِ الصَّلَاةِ، وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ، وَالحَجِّ، وَصَوْمِ رَمَضَانَ" (رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ(
ya`ni: “Islom besh narsa ustiga qurilgandir: “Allohdan o`zga iloh yo`qligi va Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakot berish, Baytullohni haj qilish, Ramazon ro`zasini tutish” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda namoz va Ramazon ro`zasi bir qatorda zikr qilinmoqda.
Umuman olganda namoz va ro`za alohida-alohida ibodatlar bo`lganidan namoz o`qimagan kishi ham ro`za tutishi mumkin. Lekin, o`rni kelganda namozni qadri juda yuksak ekanini, uni tark qilish katta gunohligini eslatib o`tamiz. Namoz har bir balog`atga etgan, aqlli kishiga farzi ayndir. Qiyomatda ham birinchi so`raladigan amaldir. Har kuni besh marta takrorlangani sababli, namozni tark qilgan kishi bir kunda besh marta katta gunoh ish qilgan bo`ladi (Batafsil ma`lumot uchun: https://t.me/diniysavollar/228). Vallohu a`lam.






