AsosiyJamiyat

Vaksinasiyaning ilk oyida qancha yurtdoshimiz koronavirusga qarshi emlangani ma`lum qilindi

'Vaksinasiyaning ilk oyida qancha yurtdoshimiz koronavirusga qarshi emlangani ma`lum qilindi'ning rasmi

Yurtimizda koronavirusga qarshi emlash jarayonlari boshlanganiga roppa-rosa bir oy bo`ldi. Vaksinalarni yurtimizga keltirish, emlash jarayonlariga tayyorgarlik haqida SSV Matbuot xizmati tomonidan davomli xabarlarda batafsil ma`lumot berib borildi.

Shu yilning 1 aprelidan boshlab bir yildan ortiq vaqt mobaynida yurtdoshlarimizga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlariga start berildi. Bu jarayonga etib kelgunga qadar mamlakat bo`ylab ulkan tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Xususan:  

  • mamlakat bo`ylab  3 138 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi tibbiy brigadalar shay holatga keltirildi;  
  • hududlarga vaksinalarni tashish uchun COVAX dasturi doirasida 17 ta avtorefrijerator, 206 ta yuk tashuvchi miniven va 16 ta engil avtotransport vositalari olib kelindi;
  • emlash jarayonlari uchun 4 ming nafardan ortiq shifokor va 11 ming nafardan ortiq o`rta tibbiyot xodimi jalb qilindi;
  • vaksinasiya jarayonlari uchun ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining  1 million dozalik va AstraZeneca vaksinasining 660 ming dozalik zaxirasi shakllantirildi.  

Dastlabki rejaga ko`ra, aprel oyi davomida Toshkent va Nukus shahri hamda viloyat markazlaridagi 219 ta emlash punktlarida birinchi navbatda 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo`lgan tibbiyot xodimlarini ixtiyoriy tarzda emlash ko`zda tutilgan edi.  

Vaksinasiyaning ilk kunida 5018 nafar yurtdoshimiz koronavirusga qarshi himoyalangan. Ularning 1871 nafari 65 yosh va undan oshgan aholi qatlami bo`lsa, 3147 nafari tibbiyot xodimi edi.  

Vaksinasiyaning birinchi o`n kunligida 148 ming nafardan oshiq aholi emlangan bo`lsa, ikkinchi o`n kunlik yakunida 458 ming nafardan ortiq aholi emlangan edi. Bir oy davomida jami emlangan aholi 797 781 nafarni tashkil qildi. Bu raqamlar aholi orasida vaksinaga bo`lgan ishonchning ortib borayotgani va o`z salomatligiga befarq bo`lish holatlari kamayayotganiga dalil bo`la oladi.

    Boshqa yangiliklar