“Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–5099-son, 29.04.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko`ra, dastlab quyidagi hududlarda Turizm va sport vazirligi huzurida boks bo`yicha oliy sport mahorati maktablari davlat muassasasi sifatida tashkil etiladi:
● Andijon viloyati (Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlari);
● Buxoro viloyati (Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari);
● Qashqadaryo viloyati (Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari);
● Toshkent viloyati (Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri).
Boks maktablari faoliyati iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish va ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yo`naltiriladi.
O`qish 7-sinfdan tashkil etiladi, ta`lim olish muddati 5 yil etib belgilanadi.
Qaror bilan Boksni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda uning maqsadli ko`rsatkichlari tasdiqlandi.
Unga ko`ra, 2025 yilgacha quyidaligilarni amalga oshirish belgilangan:
🔸sport ta`lim muassasalaridagi boks bilan muntazam shug`ullanadigan o`quvchilar sonini 27 minggacha etkazish;
🔸kelgusi 5 yil ichida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 7 ta boks zallarini tashkil etish;
🔸boks bo`yicha terma jamoalarning 46 ga yaqin xalqaro sport musobaqalarida ishtirokini ta`minlash.
2021/2022 o`quv yilidan O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktablari va bolalar-o`smirlar sport maktablarida boks bo`yicha amaldagi o`qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari ikki baravarga oshiriladi.






