AsosiyJamiyat

#Ramazon-2021. Laylatul qadr kechasi qachon?

'#Ramazon-2021. Laylatul qadr kechasi qachon?'ning rasmi

Ramazon barokatli va fazilatli oy. Unda dunyo va oxirat uchun yaxshiliklar bisyor. Ayniqsa “ming oydan yaxshiroq” bo`lgan “Laylatul qadr” – qadr kechasi Ramazonda kutiladi. “Qadr” deb nomlanishiga sabab unda rizqlar o`lchanadi, ajallar yozilib, o`sha yili bo`ladigan ishlar bitib qo`yiladi, taqdir qilinadi.

فِيهَا يُفْرَقُ كُلُّ أَمْرٍ حَكِيمٍ

“U (kechada) barcha hikmatli ish(lar) ajrim qilinur”, Duxon,4 oyat

“Barcha bo`ladigan ishlar Lavhul mahfuzdan ko`chiriladi. Said ibn Jubayr Ibn Abbosdan rivoyat qiladilar: “Albatta, sen bir kishini bozorda uchratasan, lekin uning ismi o`liklar safiga kiritib qo`yilgan bo`ladi”.[1]

Bundan tashqari qadri va sharafi ulag`ligi uchun ham shunday atalgan. Yana kim bu kecha toat-ibodatlarga berilsa, qadri baland bo`ladi, bu kechadagi toatlarning qadri bo`lakcha bo`ladi, degan ma`nolar ham aytib o`tilgan.

Shomiy[2] aytadilar: “Me`rojud diroya”da keltiriladi: “Bilingki, qadr kechasi – fazilatli kecha bo`lib, uni izlash, talab qilish mustahabdir. U yilning eng yaxshi tunlaridan biridir. U kechada qilingan amal yilning boshqa paytida qilingan ming amalga teng. Ibn Musayyyib aytadi: “Kim qadr huftoniga guvoh bo`lsa, undagi nasibasini olibdi”. Shofe`iy aytadilar: “Hufton va bomdodiga guvoh bo`lsa. Mo`minlardan Alloh xohlagani qadr kechasini ko`radi, ko`rganlar esa uni yashirishlari lozim bo`ladi. Allohga ixlos bilan duo qilinadi”.

Qadr kechasi qaysi kun ekanligi borasida 46 ta fikr bor.

“Maroqil falah”da[3] aytiladi: “Ibn Mas`ud aytadilar: “Qadr kechasi yilning barchasida bo`lishi mumkin. U kishining gaplarini Imom A`zam ham olib, yilning istalgan paytida aylanib yuradi. Goho ramazon, goho boshqa oy ham bo`lishi mumkin. Buni Qozi Xon ham aytgan”.

Shomiy aytadilar: “Yuqoridagi gapni oriflar sultoni, janobim – Muhyiddin ibn Arabiy o`zlarining “Futuhotul Makkiyya” asarlarida ham keltirganlar: “Laylatul qadr haqida insonlar turlicha fikrdadirlar. Ya`ni uning payti haqida. Ulardan ba`zilari yilning barchasida aylanib yuradi deyishgan. Men ham shu fikrdaman. Men uni Sha`bonda ham, Robi`ul avvalda ham, Ramazonda ham ko`rganman. Ko`proq ramazonning oxirgi 10 kunligida guvoh bo`lganman. Yana ramazonning o`rtadagi 10 kunligidagi toq bo`lmagan kechada ham, toq bo`lgan kechasida ham ko`rganman. Men shuni aniq ishonch bilan ayta olamanki, yilning barchasida toq kechasida ham, juft kechasida ham kelaveradi”.

“Mabsut”da aytiladi: “Bu borada Abu Hanifaning mazhablari qadr kechasi ramazonda bo`ladi, lekin u oldinga surilib yoki kechikib kelishi mumkin. Ikki sohiblari nazdida esa muqaddam ham bo`lmaydi, kechikib ham kelmaydi”.

Uning alomati: oydin, sof, sokin; sovuq ham emas, issiq ham emas; qadr kechasining tongida quyosh nursiz tog`orga o`xshab qoladi.

Uning aniq kuni yashirin bo`lishi: insonlar uni topishda, izlashda jiddu jahd qilsinlar, ibodatda mujtahidlar ajrini olsinlar.

Shavkoniy aytadilar: “Ulamolar uning qaysi kun ekanligi haqida ixtilof qildilar. “Fathul Boriy”da o`sha fikrlar keltirilgan (undan boshqa erda bu qavllar keltirilmagan), ularni qisqacha zikr qilib o`tamiz:

1-Qovl: Qadr kechasi odamlar orasidan ko`tarilgan, buni Mutavalliy Rofiziylardan rivoyat qilgan. Hanafiylardan ham shu gap kelgan. Men aytaman: bu asli yo`q gap, hanafiylar kitoblarida bunaqa gap uchramaydi.

2-Qovl: Qadr kechasi faqat bir yil uchun xoslangan bo`lib, Nabiy sallollohu alayhi vasallam zamonlarida yuz bergan. Fokuhoniy shu gapni aytgan.

3-Qovl: Qadr kechasi mana shu ummat uchun xoslangan. Molikiylardan bir jamoaning fikrlari.

4-Qovl: Yilning istalgan patida bo`lishi mumkin. Bu hanafiylarning mashhur gaplari va salafi solihlarning bir jamosining fikri.

5-Qovl: U ramazonga xoslangan bo`lib, uning barcha tunlarida sodir bo`lishi mumkin.

6-Qovl: U muayyan va yashiringan bir tunda. Nasafiy shu fikrni aytgan.

7-Qovl: Ramazonning birinchi kechasida. Abu Roziyn Uqayliy Sahobiy aytgan.

8-Qovl: Ramazooning o`rtasidagi bir kecha. Ibn Mulaqqin aytgan.

9-Qovl: Sha`bonning o`rtasidagi bir kecha. Qurtubiy “Mufhim”da aytgan.

10-Qovl: Ramazonning 17 kechasida.

11-Qovl: Ramazonning o`rtadagi 10 kunligida yashiringan.

12-Qovl: Ramazonning 18 kechasi.

13-Qovl: 19 kechasi.

14-Qovl: Oxirgi o`n kunlikning birinchi kechasi. Shofe`iy shunga moil bo`lganlar.

15-Qovl: Agar oy to`liq bir oy bo`lsa, 20 kuni, noqis bo`lsa, 21 kuni.

16-Qovl: 22 kechasi.

17-Qovl: 23 kechasi. Bunga ko`plab sahobiy va tobe`inlar ergashganlar.

18-Qovl: 24 kechasi.

19-Qovl: 25 kechasi. Ibn Javziy Abu Bakradan rivoyat qilgan.

20-Qovl: 26 kechasi. Men buni aniq bilmadim. Faqat Iyoz shu fikrni aytgan.

21-Qovl: 27 kechasi.

22-Qovl: 28 kechasi.

23-Qavl: 29 kechasi. Ibn Arabiy keltirgan.

24-Qovl: 30 kechasi. Iyoz aytgan.

25-Qovl: Oxirgi 10 kunlikning toq kunlarida. “Fath”da mana shu to`g`riroq deyilgan.

26-Qovl: Ramazonning oxirgi kechalarida.

27-Qovl: Oxirgi 10 kunlikda ko`chib yuradi. Abu Qaloba aytgan.

28-Qovl: Oxirgi 10 kunlikda, faqat ba`zi kechalar ba`zilaridan ko`ra qadr bo`lishi umid qilinadi.

29-Qovl: 27 kecha. Faqat 23 bo`lishi umid qilinadi.

30-Qovl: 23 kecha. Faqat 27 bo`lishi umid qilinadi.

31-Qovl: Oxirgi 7 kunlikning barchasida ko`chib yuradi. Ahli ilmlar bundan nima nazarda tutilgani haqida ixtilof qildilar: oyning oxirgi 7 kunligimi yoki oydan sanaladigan oxirgi 7 kunmi? Bundan 32 qovl kelib chiqadi.

33-Qovl: Oxirgi 15 kunlikda ko`chib yuradi. Abu Yusuf va Muhammaddan rivoyat qilingan.

34-Qovl: 16 yoki 17 kechada.

35-Qovl: 17, 19 yoki 21 kechada.

36-Qovl: Ramazoning birinchi yoki oxirgi kechasi.

37-Qovl: 19, 21 yoki 23 kechada.

38-Qovl: 1 yoki 9 yoki 17 yoki 21 yoki oxirgi kechada.

39-Qovl: 23 yoki 27 kechada

40-Qovl: 21 yoki 23 yoki 25 kechada.

41-Qovl: Oxirgi 27 kechaga cheklangan.

42-Qovl: 22 yoki 23 kechada.

43-Qovl: o`rtadagi va oxirdagi 10 kulikning juft kechalarida.

44-Qovl: oxirgi o`n kunlikning uchinchi yoki beshinchi kechasi.

45-Qovl: Oyning ikkinchi 15 kunligidagi 7 yoki 8 kecha.

46-Qovl: 1 yoki oxirgi yoki toq kechada bo`lishi mumkin.

Hofiz Hajar Asqaloniy aytadilar: “Men oxirgi uchratgan qovlim mana shu. Ularning ba`zisi ba`zisini rad qilishi mumkin. Rojihrog`i oxirgi 10 kunlikning toq kechalarida bo`lib, ular ko`chib yurishi mumkin. Shofe`iy nazdida 21 yo 23 bo`lsa, jumhur nazdida ramazonning 27 kechasi deb zikr qilingan”.

Qadr kechasiga to`g`ri kelgan odamga zohiriy alomat bo`ladimi yoki yo`q, degan masalada ham ixtilof qildilar. Ba`zilar hamma narsa sajda qilgan holda ko`rinadi, desa, ayrimlar hatto qorog`u  erda ham nur sochilib turadi, degan. Maloikalardan gap va salom eshitiladi, ham deb aytilgan. Tobariy bularning barchasi yuz beradigan ishlar emas deganlar. Biror narsani ko`rish yoki eshitish shart qilinmagan.

Xulosa: Qadr kechasi turli kunlarda bo`lishi, turli kechalarda aylanib yurishi haqidagi fikrlarni inobatga olsak, uni faqat 27 kechada kutmay, ramazonning oxirgi toq kunlari, imkon bo`lsa ramazonning g`animat barcha kechalaridan izlagan, ko`proq ibodat, tilovat, istig`for va tavblar qilib qolgan ma`qul. Agar Abu Hanifa rohimahullohning ijtihodlariga nazar solinsa, laylatul qadr yilning barchasida bo`lishi mumkin. Balki, mana shu narsa avvalgi ulamolarimizni ko`p toat-ibodat qilishga, bugun qadr kechasi bo`lishi mumkin degan umidda sergak yurishlariga bir sabab bo`lgandir... Vallohu A`lam!

 

Manba: muslim.uz

    Boshqa yangiliklar