Asaka tumanida pensiya va nafaqa pullarini talon-toroj qilgan bank xodimlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Departamentning Asaka tuman bo`limi tomonidan AT “Xalq banki” Andijon viloyati filialining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, bankning Asaka filiali sayyor kassa hisobchi-nazoratchilari N.Q. va S.R. 158 nafar fuqaroning jami 90,3 mln so`m pensiya va nafaqa pullarini tarqatmasdan, to`lov qaydnomalarida imzolarni soxtalashtirib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shuningdek, bank filialining sobiq rahbari U.Yu. va boshqalar “E.D.” MChJ tomonidan kredit mablag`ini to`liq so`ndirish uchun to`langan 58 mln so`mni bankka kirim qilmasdan o`zlashtirganligi, qilmishlarini yashirish maqsadida notarial idoraga soxta hujjatlar taqdim qilib, garovdagi mulkka qo`yilgan taqiqni bekor qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






