Virusologiya instituti direktori, professor Erkin Musabaev koronavirusning yangi shakli, «COVID-21»ning paydo bo`lganligi to`g`risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audio yozuvga quyidagicha izoh berdi:
" COVID-19 infeksiyasi yangi shtammlari paydo bo`lsa ham, yangi «COVID-21» virusi paydo bo`lganligi haqidagi bayonot noto`g`ri.
Vaksinasiya COVID-19ning barcha shtammlaridan himoya qiladi, havf guruhidagi odamlar kasal bo`lib tuzalgan bo`lsa ham emlanish zarur hisoblanadi.
Darhaqiqat, hozirgi kunda koronavirusning klinik belgilarida o`zgarishlar yuz berdi, ya`ni yo`tal va isitmaning kam namoyon bo`lgan, ammo bo`g`imlarda katta og`riq belgilariga ega bemorlar soni ortdi.
Zangiota kasalxonasidagi bemorlarning tahlillari shuni ko`rsatadiki, koronavirus infeksiyasi oqibatlaridan o`lish holatlari oshmadi.
PSR-test yordamida koronavirusni aniqlash imkonsiz bo`lib qoldi, deyish noo`rin, chunki avval ham dimog`da virusni aniqlashda 30 foizlik xatolikka yo`l qo`yilgan edi.
Koronavirus infeksiyasini davolash bo`yicha bir yillik tajribadan kelib chiqib, O`zbekistonda davolash protokoli tuzilib, amalda uning yuqori samaradorligi isbotlandi.
Kasallik yo`qolmadi, biz u bilan yashashga, ya`ni niqob taqishga, ijtimoiy masofani saqlashga, qo`llar gigienasiga rioya qilishga odatlanishimiz kerak", deyiladi izohda.