AsosiySport

Bektemir Meliqo`ziev 4 yilga boksdan diskvalifikasiya qilindi

'Bektemir Meliqo`ziev 4 yilga boksdan diskvalifikasiya qilindi'ning rasmi

Bektemir Meliqo`ziev 4 yilga diskvalifikasiya qilindi

O`zbekiston Milliy antidoping agentligiga  Xalqaro boks federasiyasi (AIBA)ning bergan rasmiy xabarnomasiga ko`ra, o`zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo`ziev to`rt yil muddatga diskvalifikasiya qilindi. Bu haqda O`zMADA Matbuot xizmati xabar berdi.

Sportchi 2020 yil 16 fevraldan boshlab 2024 yil 15 fevralga qadar barcha sport musobaqalarida (milliy va xalqaro chempionatlar, turli o`yinlar v.x.k) ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.

Bektemir Meliqo`zievning 2020 yil 16 fevraldan boshlab musobaqalarda olgan barcha medallari va reyting ochkolari bekor qilindi. Shu bilan birga, Butunjahon antidoping kodeksiga ko`ra, B.Meliqo`zievning professional boksda chiqishlarini davom etishi yoki etmasligi tegishli Xalqaro professional boks tashkilotining qaroriga bog`liq bo`ladi. Agar ruxsat beradigan bo`lsa, diskvalifikasiyasi tugagungga qadar faqatgina professional boksda jang o`tkazishi mumkin.

Eslatib o`tamiz, dastlab Bektemirdan olingan doping-sinamasida “furosemid” taqiqlangan moddasi aniqlangan bo`lib, u 2018 yil 28 fevraldan boshlab 2020 yil 27 fevralgacha 2 yillik diskvalifikasiya bilan jazolangandi. Sportchi tomonidan keyingi antidoping qoidalari buzilishi dastlabki belgilangan jazo muddati ichida, ya`ni 2019 yil 30 sentyabrda sodir etilib, unda ADAMS tizimida bokschining o`zi kiritgan manzili bo`yicha etib kelishgan doping-nazoratchilari ko`rsatilgan manzilda bokschi bo`lmaganligi uchun undan rejali doping-sinamani olisholmagan. Xuddi shu vaziyat yana ikki marotaba – 2019 yil 21 oktyabr va 2020 yil 16 fevral kunlari takrorlangan.

Butunjahon antidoping kodeksining 2.4-moddasiga asosan, bu turdagi antidoping qoidabuzarlik uchun 2-yillik diskvalifikasiya jazo chorasi qo`llanilgan. Lekin keyingi antidoping qoidabuzarlik avvalgi antidoping qoidabuzarlik uchun belgilangan muddat ichida sodir etilgan bo`lsa, bunda keyingi antidoping qoidabuzarlik muddati ikki baravar ko`paytiriladi. Shu sababli, Meliqo`zievga jami 4-yillik diskvalifikasiya belgilandi.

Boshqa yangiliklar