«Roma» yangi bosh murabbiyi Joze Mourino yozgi transfer oynasida jamoada qanday o`zgarishlarga qo`l urmoqchi ekanligi ma`lum bo`ldi.
Corriere dello Sport’ning yozishicha, portugaliyalik mutaxassis eng avvalo darvoza chizig`ini kuchaytirishni istamoqda. Antonio Mirantening shartnomasi yozda tugaydi, Pau Lopesga esa Mourino ishonch bildirmayapti. Klub rahbariyati yangi murabbiyga A Seriyada to`p surayotgan darvozabonlardan – Xuan Musso («Udineze»), Perluidji Gollini («Atalanta»), Alessio Krano («Kalyari») va Aleks Meret («Napoli») singari golkiperlardan birini tanlash imkoniyatini taqdim etgan.
Mourino markaziy himoya chizig`i va yarimhimoyaga «Tottenhem»dagi sobiq shogirdlari Erik Dayer va Per-Emil Xyoybergni taklif etishni istamoqda. Shuningdek, ijarada bo`lgan Jengiz Under («Lester») va Jastin Klyuyvertga («RB Leypsig») ham imkoniyat bermoqchi. Portugaliyalik murabbiy «MYu»da o`yin amaliyotisiz qolayotgan sobiq shogirdi 33 yoshli Xuan Matani ham Rimga chaqirishni rejalashtirgan.
Hujum chizig`idagi asosiy maqsad sifatida «Torino» forvardi Andrea Belotti ko`rilmoqda. Turinliklar bilan shartnomasi 2022 yilda yakuniga etadigan 27 yoshli italiyalik hujumchi ham Rim jamoasiga o`tishga qarshi emas.
Eslatib o`tamiz, Joze Mourino yangi mavsumdan boshlab Rimda faoliyat boshlaydi. «Roma» portugaliyalik mutaxassis bilan 2024 yilga qadar shartnoma imzolangani haqida xabar bergan edik.






