Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning ta`kidlashicha, COVID-19 pandemiyasining ikkinchi yilida qurbonlar soni birinchi yilga qaraganda ko`p bo`lishi mumkin.
"COVID-19 hozirgacha 3,3 million kishining hayotiga zomin bo`ldi. Biz pandemiyaning ikkinchi yiliga o`tdik, bu yil avvalgi yilga qaraganda ham ko`p qurbonlik berilishi mumkin. Insonlarning hayotini saqlab qolishning birdan-bir yo`li – vaksinasiyada birlashish va jamoatchilik sog`lig`i sohasida ko`riladigan choralardir", — dedi JSST bosh direktori matbuot anjumanida.
JSSTdan ma`lum qilinishicha, faqat emlanish bilan virus tarqalishining oldini olib bo`lmaydi. Chunki emlangan odamlar ham kasallanishi mumkin, ammo ularga unchalik og`ir bo`lmagan formadagi virus yuqishi mumkin. Cheklovlarni yumshatish yoki niqob taqish tartibini bekor qilish mamlakatda emlanganlar soniga emas, balki COVID-19 tarqalishi darajasiga asoslanishi kerak, deyiladi xabarda.
manba: Xalq so`zi






