Islom hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari majlisida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho`g`li falastinliklarni himoya qiluvchi xalqaro mexanizm yaratish zarurligini ta`kidladi.
«Falastin bo`yicha birdamligimizni va qat`iyligimizni namoyon qilish vaqti keldi. Umma (musulmon dunyosi) bizdan etakchilik kutmoqda. Turkiya barcha zarur qadamlarni tashlashga tayyor», — dedi u.
Chavusho`g`lining so`zlariga ko`ra, tashabbus Falastinning tinch aholisini BMT Bosh assambleyasining 2018 yilgi rezolyusiyasiga muvofiq himoya qilishga qaratiladi (shu yili bir nechta rezolyusiyalar qabul qilingan edi, masalan, Isroilning Sharqiy Quddusda falastinliklarga nisbatan inson huquqlariga daxldor xatti-harakatlari haqida, falastinlik qochqinlarga yordam haqida va boshqalar). «Buni amalga oshirish — bizning majburiyatimiz», — dedi vazir. Uning so`zlariga ko`ra, mexanizm ko`ngilli mamlakatlar tomonidan kiritilgan moliyaviy to`lovlar hisobidan yaratilishi mumkin.
TIV rahbari ta`kidlashicha, Yaqin Sharqda keskinlikning oshishi uchun Isroil javobgar, uning Sharqiy Quddusdagi Al-Aqsa masjidini nazorat qilishi hamda Isroil sudida ba`zi falastinlik oilalarni Ibodatxona tog`i hududidagi uylardan ko`chirib yuborish haqidagi masalani ko`rib chiqishi sababchidir.
G`azo sektorida Isroil tomonidan uyushtirilgan bombardimonlar va Iordan daryosining G`arbiy qirg`og`idagi to`qnashuvlar oqibatida 202 kishi halok bo`ldi, 5 mingdan ortiq odam yaralandi. 181 nafar falastinlik G`azo sektorida Isroil aviazarbalaridan halok bo`lgan. Ular orasida 52 nafar voyaga etmagan shaxslar va 31 nafar ayollar bor. Iordan daryosining g`arbiy qirg`og`ida norozilik aksiyalarini bostirish chog`ida 21 kishi halok bo`lgan.
Isroil tomoni o`n nafar qurbon haqida xabar berdi. Mamlakat Mudofaa armiyasi ma`lumotlariga ko`ra, G`azo sektoridan Isroil tomonga 2,9 mingta raketa otilgan.
14 may kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`on Isroil «barcha chegaralardan chiqib ketgani»ni aytib, falastinliklarni qo`llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan edi.






