Filippin prezidenti Rodrigo Duterte mamlakat aholisiga emlanish paytida vaksina tanlashni taqiqladi. Bu haqda TASS'ga asoslanib Gazeta.uz ma`lum qildi.
Uning fikricha, mamlakatda mavjud bo`lgan barcha vaksinalar samarali hisoblanadi.
«Hech qanday kamsitish bo`lmaydi. Qaysi vaksinani ishlatishni tanlashingiz mumkin emas, chunki ularning barchasi bir xil», — dedi Duterte. Uning qo`shimcha qilishicha, aksariyat badavlat odamlar AQShda ishlab chiqarilgan vaksinalarni, masalan, Pfizer va Moderna’ni kutishmoqda. «Bunday bo`lmaydi, siz millioner bo`lasizmi yoki boshqami, farqi yo`q, siz tanlay olmaysiz. Qaysi tumanda yashasangiz ham, barchangiz bir xilsiz, men sizni tanlashingizga yo`l qo`ymayman», deya keltiradi uning so`zlarini TASS.
TASSning yozishicha, mamlakat AQShning Moderna va Rossiyaning «Sputnik V» vaksinalari, shuningdek, Pfizer, AstraZeneca, Sinovac, Bharat Biotech va Johnson & Johnson kompaniyasiga tegishli Janssen vasinalaridan favqulodda foydalanishni ma`qullagan. Filippinda 1 mart kuni Xitoyning CoronaVac preparati bilan emlash boshlandi.






