Samarqandda jismoniy imkoniyati cheklangan, ko`zi ojiz nogironlar o`rtasida sportning shaxmat turi bo`yicha davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig`i kubogi uchun musobaqasi g`oliblari aniqlandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.
Unda shahar va tumanlardan kelgan 60 nafarga yaqin 18-30 yoshgacha bo`lgan shaxmatchi yoshlar g`oliblik uchun dona surishdi.
Kubok bellashuvining ochilishida yurtimizda yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish, ularni sportga, xususan shaxmatga jalb qilishga alohida e`tibor qaratilayotganligi ta`kidlandi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan o`smirlar ham mehr- muruvvatdan chetda emasligi, ularga har tomonlama g`amxo`rlik ko`rsatilishi e`tirof etildi. Shundan so`ng musobaqaga ramziy start berildi.
Prezidentimizning 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risda”gi qarori ijrosini ta`minlash, shaxmatni aholi o`rtasida keng targ`ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, yosh avlod vakillarini mazkur intellektual o`yinga qiziqtirish borasidagi sa`y-harakatlar boshlangan. Xususan, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig`i kubogi uchun tashkil etilgan musobaqada tajribali, kuchli shaxmatchilarga havaskorlar ham raqib bo`lishdi. Har bir o`yinni qiziqarli va murosasiz kechdi. Uchrashuvlar shvedsarcha tizim bo`yicha o`tkazilib, sportchilar 7 ta turda o`z omadini sinab ko`rishdi.
Ayrim ishtirokchilar ko`zi ojiz bo`lishiga qaramasdan, qalb ko`zi bilan ko`rib, mushohada qilib, dona surdi. Har xil kombinasiyalar, o`ziga xos debyutlarni to`g`ri tashkillashtirgan shaxmatchilar birin-ketin g`alaba qozondi.
Shunday qilib, hakamlarning yakuniy xulosalariga ko`ra o`g`il bolalar o`rtasida birinchi o`rin Shaxboz Qudratovga nasib etgan bo`lsa, ikkinchi o`rinni Shehroz Daminov, uchinchi o`rinni Hasan Rashidov qo`lga kiritdi.
Qizlar o`rtasida bellashuvlardan so`ng Durdona Jumanova eng ko`p ochko jamg`arib shohsupaning eng yuqori pog`onasini band etdi. Ikkinchi va uchinchi o`rinlarni Rayhona Sharopova hamda Habiba Omonova egalladi.
Musobaqa so`ngida barcha g`olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.












