1

Mo`ynoqdan XII-XIV asrlarga oid tarixiy binolar va moddiy madaniyat namunalari topildi

Madaniyat 21.05.2021, 17:40
Mo`ynoqdan XII-XIV asrlarga oid tarixiy binolar va moddiy madaniyat namunalari topildi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o`qituvchilari hamda ushbu oliygohning tarix fakulteti arxeologiya yo`nalishi talabalari Mo`ynoq tumanidagi «Hokim ota» qishloq fuqarolar yig`ini hududidagi «Hokim ota – Sulaymon Baqirg`aniy ziyorat majmuasi»da arxeologik-etnografiya tadqiqot ishlarini olib borish davomida XII-XIV asrlarga oid tarixiy binolar va moddiy madaniyat namunalarini topishga muvaffaq bo`ldi.

– Bu erga talabalarni amaliyot o`tashi uchun olib kelganmiz, – deydi QQDU Arxeologiya kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dosent J.Hakimniyazov. – Tadqiqot o`tkazilayotgan hududdan namozgoh, masjid, 5 gektardan ortiq maydonda aholi yashagan hudud va 1,5 ga maydonda qabriston borligi ma`lum bo`ldi. Hokim ota maqbarasi qoshidagi namozgohda Ro`za va Qurbon hayit bayramlari o`tkazilgan. Topilgan masjid 11 asrda qurilganligi aniqlandi. Masjid Xorazmshohlar davlatchiligi paytida qurilgan va Chingizxon istilosi davrida vayron qilingan. Lekin, keyinchalik yana qad rostlagan va ilm-fan rivojlangan. Topilmalar fanga qiziqarli ma`lumotlar va yangiliklar taqdim etadi, chunki, «Hokim ota» ziyoratgohida avval arxeologik izlanishlar olib borilmagan, tadqiqot ishlari birinchi marotaba olib borilmoqda.

Hududdan har xil keramika buyumlari ham topildi.

Hokim ota nomi bilan tanilgan Xo`ja Sulaymon Baqirg`aniy (1129-1192) XII asrda yashab o`tgan Xo`ja Ahmad Yassaviyning (1105-1167) muridi bo`lib, u hozirgi “Hokim ota” qishloq fuqarolar yig`ini hududida umrguzaronlik qilgan va «Do`stlik» qishlog`i hududiga dafn qilingan.

Turkiy musulmon dunyosida Sulaymon Baqirg`aniy Xo`ja Ahmad Yassaviydan keyingi avliyo sifatida tan olingan. Shu bois xalq uning qabriga bir necha bor maqbaralar o`rnatgan. Masalan, maqbaralar XII, XIV, XVI asrlarda va so`nggisi Xiva xoni Olloquli tomonidan XIX asrda tiklangan. Lekin, ushbu maqbara daryo toshqini oqibatida suv ostida qolib qulagandan keyin, hashar yo`li bilan 1978 yilda yangi maqbara barpo qilingan.

Sulaymon Baqirg`aniy XII asrda Shosh (Toshkent) viloyatida yashagan Zangi otaning (1161-1258 y. haqiqiy ismi Oyxo`ja ibn Tojxo`ja) ustozi hisoblanadi. Zangi ota Xo`ja Sulaymon Baqirg`aniyning qo`lida taxminan 10-15 yil ta`lim olgan.

Hozirda Hokim ota Sulaymon Baqirg`aniyning ziyorat majmuasi rekonstruksiya qilinmoqda. Uning uchun 11 milliard so`m mablag` ajratilib, maqbarani ta`mirlash ishlari olib borildi va maqbara qoshidan 100 o`rinlik masjid qad rostladi.

Ziyorat majmuasiga yildan-yilga tashrif buyuruvchilar soni ortmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1