Avstriyaning banki “Raiffeisen Research” o`z tahliliy hisobotida O`zbekistonni Markaziy Osiyoning “Polsha”si sifatida e`tirof etdi.
Joriy yilning 17 may kuni “Raiffeisen Research” tomonidan “O`zbekiston iqtisodiyotiga nazar: Polsha va Ukraina izidan” (Uzbekistan Economic Insights: On the footsteps of Poland and Ukraine) nomli tahliliy hisobot chop etildi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati ma`lum qildi.
Hisobot mualliflarining fikriga ko`ra, keng miqyosdagi islohotlar dasturi ortidan O`zbekiston o`zini Markaziy Osiyoning “Polsha”si sifatida tanitdi. Jahon moliyaviy inqirozi davrida (2008-2009 yy.) Polsha kabi O`zbekiston ham 2020 yilgi koronavirus pandemiyasi inqirozi sharoitida ijobiy iqtisodiy o`sishni saqlab qolib, muqarrar iqtisodiy inqirozning oldini olishga erishdi.
Bunga hisobotda bir qator faktorlar asos qilib ko`rsatildi. Xususan:
O`zbekistonda nisbatan yuqori iqtisodiy o`sish inqirozga qarshi samarali iqtisodiy siyosat natijasidir.
COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlariga qaramay O`zbekiston YaIMning o`sishi 2016-2022 yillarda o`rtacha 5 foizni tashkil qildi.
Bu, o`z navbatida, Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi o`rtacha YaIM o`sish – 2,5 foizga nisbatan yuqori hisoblanadi.
Shuningdek, olib borilayotgan barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan fiskal siyosat davlat qarzini sezilarli darajada (YaIMning 40 foizidan) oshirmagan holda inqirozga qarshi mazmunli kurashish uchun zamin yaratdi.
Natijada, nisbatan yuqori iqtisodiy o`sish istiqbollari saqlab qolinib, ularning prognoz ko`rsatkichlari 2021-2022 yillarda 5-6 foiz atrofida bo`lishi kutilmoqda.
Maqolani to`liq quyidagi havola (https://raiffeisenresearch.bluematrix.com/docs/html/aeaa84b7-75d4-472b-b63f-92c19cb72532.html) orqali o`qishingiz mumkin.






