AsosiySport

Iordaniyada bo`lib o`tayotgan taekvondo WT turnirida O`zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda

'Iordaniyada bo`lib o`tayotgan taekvondo WT turnirida O`zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda'ning rasmi

Bugun, 21 may kuni Iordaniyaning Amman shahrida taekvondo WT bo`yicha Osiyo qit`asi uchun yo`llanma beruvchi so`nggi lisenzion turnirning birinchi kungi bahslari yakuniga etdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.

Quvonarlisi, unda terma jamoamiz a`zolaridan ayollar o`rtasida Nigora Tursunqulova -67 kg, erkaklar o`rtasida Ulug`bek Rashitov -68 kg vazn toifasida Tokio-2020 Olimpiadasiga yo`llanmani qo`lga kiritishdi.

Nigora Tursunqulova Tokio-2020 lisenziyasi uchun qatarlik Maram Fatnassiga qarshi bahs olib bordi. Hamyurtimiz jangni to`liq nazoratida o`tkazdi va yakunda g`alaba qozonib, finalga chiqdi. Musobaqada 1-3-o`rinlarni qo`lga kiritgan sportchilar Olimpiya o`yinlari yo`llanmasiga ega chiqishardi. Kamida kumush medalni naqd qilgan Nigora Tokio-2020 lisenziyasini ham qo`lga kiritdi.

Eslatib o`tamiz, Nigora Tursunqulova o`z faoliyatida ikkinchi bor Olimpiya o`yinlariga yo`llanmani qo`lga kiritmoqda. U 17 yoshida Rio-2016 Olimpiadasida ham ishtirok etgan.

Shuningdek, 2018 yilgi o`smirlar Olimpiadasi sovrindori Ulug`bek Rashitov ham Tokio-2020 Olimpiadasiga boradigan bo`ldi. Bu yo`lda u dastlab Mo`g`uliston, so`ngra Vetnam va Qozog`iston terma jamoasi vakillarini mag`lubiyatga uchratdi.

Shu tariqa yosh taekvondochilari o`zlarining chiroyli g`alabalari bilan Yangi O`zbekiston nomini yanada ulug`lashdi.

Ertaga bo`lib o`tadigan janglarda yana bir vakilamiz Svetlana Osipovaga (+67 kg) ham yorqin g`alabalar yor bo`lishi va Olimpiada yo`llanmasi qo`lga kiritilishini tilab qolamiz.

Darvoqe, O`zbekiston taekvondo WT assosiasiyasi mazkur lisenzion musobaqada kamida 2ta yo`llanma qo`lga kiritilishini va`da qilishgan edi va ular bu vazifani sharaf bilan uddalashdi. Umid qilamizki, ular ertangi bahslarda ham munosib ishtirok etib, Tokio-2020ga umumiy hisobda 4ta yo`llanmani qo`lga kiritishadi. Eslatib o`tamiz, bungacha taekvondochilarimizdan Nikita Rafalovich ham Tokio-2020 yo`llanmasiga sazovor bo`lgandi.

    Boshqa yangiliklar