Joriy yilning 20-22 may kunlari Andijon viloyatida "Yoshlar forumi Andijon 2021" tadbirlari bo`lib o`tdi. Festivalning so`ngi kunida Turizm va sport vazirligi jurnalistlar uchun info-tur tashkillashtirdi.
Andijon viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan tashkillashtirilgan forumda jami 168 nafar(har bir hududdan 12 nafardan) yoshlar ishtirok etdi.
Ushbu forum O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida 2020-yil 25-dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan videoselektor tarzida o`tkazilgan “O`zbekiston yoshlari forumi”ning 100-sonli majlis bayoni (02-RA1-585-son.) 33-bandi hamda 2017-2021-yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 160-bandiga muvofiq 2021-yil 20-22-may kunlari Andijon viloyatida maktab o`quvchilari hamda 30 yoshgacha bo`lgan ishsiz yoshlarning bandligini ta`minlash, ularni kasb-hunarga o`rgatish bo`yicha “Andijon viloyati tajribasi”ni keng targ`ib etishga qaratilgan respublika “Yoshlar forumi”ni o`tkazish topshirig`i berilgan edi.
Forumning uchinchi kunida ishtirok etgan jurnalistlar erta tongdan Andijon shahridagi “Drohm” tekstil korxonasiga sayohat qildilar. Ushbu tekstil korxonasini ish faoliyati shuningdek ishchi-xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so`ng, Respublikamizning mashinasozligi markazi bo`lmish Asaka tumanidagi “UzAuto Motors” avtomobil zavodiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida ishtirokchilarga avtomobil zavodining tarixi, yillik ishlab chiqarish hajmi, kelajakdagi rejalar to`g`risida mutaxassislar tomonidan tushunchalar berildi.
Forum ishtirokchilari Andijon shahridagi Registon maydonida 11-sinfni tamomlab o`z tadbirkorligi va hunarmandchiligini yo`lga qo`ygan yoshlarning ish faoliyatidan tashkil etilgan yarmarkada ishtirok etdilar.
Festival so`ngida Andijon shahar qoq markazida festivalning yakuniy galakonsert dasturi o`tkazildi.






