1

Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub «Mubayyin» asari qo`lyozmasining fotonusxasi O`zbekistonga topshirildi

Madaniyat 25.05.2021, 23:02
Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub «Mubayyin» asari qo`lyozmasining fotonusxasi O`zbekistonga topshirildi

O`zbekistonning Erondagi elchixonasiga Zahiriddin Muhammad Boburning «Mubayyin» asari qo`lyozmasining fotonusxasi topshirildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Kitob nusxasi Eron fors tili va adabiyoti akademiyasi raisining o`rinbosari Muhammad Rizo Nossiriy tomonidan o`zbek diplomatlariga taqdim etildi.

«Mubayyin» - falsafiy-diniy mavzudagi asar bo`lib, unda Bobur Mirzo islom dinining besh ruknini hanafiy mazhabi asoslari doirasida qanday to`g`ri bajarilishini bayon qilgan. Qo`lyozma eski o`zbek tilidagi eng go`zal hattotlik yo`nalishlaridan biri - nastaliq xatida ko`chirilgan. Shuningdek, u fors tiliga tarjima bilan ta`minlangan. Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu qo`lyozma bundan 400 yil avval Hindistonda qog`ozga tushirilgan. «Mubayyin» qo`lyozma nusxasi Eron hududiga Kashmir orqali olib kelingan.  Kitob so`nggi 120 yildan ortiq vaqt davomida “Guliston” saroyi muzeyi kolleksiyasida saqlanmoqda.

Qayd etish kerakki, “Mubayyin” asari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tomonidan mamlakatimiz bilan bog`liq xorijiy qo`lyozmalar ro`yxatiga kiritilgan.

Davlatimiz rahbari o`zbek xalqining tarixiy va madaniy merosi namunalarini Vatanga qaytarish haqida topshiriq bergan edi. Mamlakatimizning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari mazkur markaz bilan ushbu yo`nalishda yaqin hamkorlik qilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1