AsosiySport

Og`ir atletika bo`yicha jahon chempionatida o`zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli qatnashmoqda

'Og`ir atletika bo`yicha jahon chempionatida o`zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli qatnashmoqda'ning rasmi

Xabar berganimizdek, shu kunlarda poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida og`ir atletika bo`yicha yoshlar o`rtasidagi Jahon chempionati bahslari qizg`in davom etmoqda. Quvonarlisi, bugungi bahslarda vakillarimiz shohsupaga ko`tarilishdi.

Hozirgina qizlar o`rtasida -71 kg vazn toifasidagi bahslar o`z yakuniga etdi. Musobaqaning “A” guruhida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Kumushxon Fayzullaeva terma jamoamiz hisobiga bitta oltin va ikkita kumush medal qo`shib qo`ydi.

Dast ko`tarish mashqida hamyurtimiz 103 kilo toshni o`ziga bo`ysundirgan holda oltin medalga sazovor bo`ldi. Ushbu yo`nalishda kumush va bronza medallarini 102 kilolik marrani zabt etgan AQSh vakilasi Oliviya Rives hamda rossiyalik Evgeniya Guseva qo`lga kiritdi.

Siltab ko`tarish mashqida esa Kumushxondan biroz omad yuz o`girdi. U o`z chiqishini 122 kilo natija bilan yakunladi. Bu esa unga kumush medalni taqdim etdi. Amerikalik sportchi esa bu yo`nalishda kuchliroq ekanini isbotladi. Oliviya Rives qayd etgan 127 kg natija unga siltab ko`tarish va ikki kurashda oltin medallarni taqdim etdi.

Og`ir atletika bo`yicha yoshlar o`rtasida jahon chempionati

Qizlar, -71 kg (“A” guruhi)

1. Oliviya Rives (AQSh) – 229 kg (102 + 127),

2. Kumushxon Fayzullaeva (O`zbekiston) – 225 kg (103 + 122),

3. Evgeniya Guseva (Rossiya) – 222 kg (102 + 120)

    Boshqa yangiliklar