AsosiyJamiyat

"Hodisa yuz bermagan, jinoyat ishi tugatildi". Andijonda 5 oylik kelinchak bilan bog`liq masala bo`yicha barcha tafsilotlar ma`lum bo`ldi

'"Hodisa yuz bermagan, jinoyat ishi tugatildi". Andijonda 5 oylik kelinchak bilan bog`liq masala bo`yicha barcha tafsilotlar ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Avvalroq, Andijonlik 5 oylik kelinchak bir qancha erkaklar tomonidan zo`rlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Keyinchalik, holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi tomonidan nazoratga olindi, shuningdek, viloyati hokimligi mazkur jinoyatni sodir etgan jinoyatchilar o`z qilmishlari uchun qonun oldida albatta javob berishini ma`lum qildi.

Shov-shuv bo`layotgan mazkur — Andijonda 5 oylik kelinning zo`rlanishi bilan bog`liq e`lon qilinayotgan xabarlar yuzasidan IIV  RASMIY BAYoNOT berdi.

Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 13 may kuni fuqaro O.O.ni zo`rlanishi bilan bog`liq holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlarini har tomonlama to`la va xolisona o`tkazilishini ta`minlash maqsadida, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga o`tkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.

Tergov harakatlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Holat yuzasidan hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olgan holda ko`zdan kechirilgan va ishga aloqador bo`lgan barcha ashyolar, jumladan arizachi va gumondorlarga tegishli kiyim-kechaklar olingan.

Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan o`tkazilib, olingan ashyolar bo`yicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika, sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizalari tayinlangan.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, jabrlanuvchi O.O.ning badanida zo`rlik alomatlari bilan bog`liq tan jarohatlari mavjud emasligi, 13-14 haftalik homilador ekanligi va homilasi rivojlanayotganligi aniqlangan.

Sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish ekspertizasining xulosasiga ko`ra, jabrlanuvchi O.O.ning kiyimlarida gumondorlarning kiyimlariga tegishli tolalar mavjud emasligi aniqlangan.     

Jabrlanuvchi O.O. yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida so`roq qilinganida, uni hech kim zo`rlab nomusiga tegmaganligini, ayrim shaxslar (qonunchilik talablariga asosan shaxs haqidagi ma`lumotlar sir saqlanadi) moddiy manfaatdor bo`lish evaziga uni zo`rlab nomusiga tekkanligi haqida ariza va ko`rsatma berishga majbur qilganligini, agarda ushbu ko`rsatmani bermasa turmush o`rtog`i bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishligini aytganligi sababli, ilojsizlikdan yolg`on ko`rsatma berganligini ma`lum qilgan.

Shuningdek, ishga aloqador bo`lgan va guvoh tariqasida so`roq qilingan shaxslar, hodisa kuni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo`lgan shiypon atrofida begona erkaklarni ko`rmaganligini hamda dala shiyponidan ayol kishining yordam so`rab baqirgan ovozini eshitilmaganligini ma`lum qilgan.

O`tkazilgan tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi O.O. ma`lum qilgan besh nafar shaxslar voqea sodir bo`lgan kuni hodisa joyida, ya`ni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo`lgan dala shiyponida umuman bo`lmaganliklari aniqlangan.

Tergov harakatlari davomida to`plangan inkor qilib bo`lmas dalillarga asosan fuqaro O.O.ning zo`rlanganligi to`g`risidagi vajlari o`z tasdig`ini topmaganligi sababli, jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismini JPKning 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmasa) asosan tugatish masalasi ko`rib chiqilmoqda.

Hozirda fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilganliklari holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

"Shu o`rinda, fuqarolardan hamda blogerlardan vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanmagan turli asossiz xabarlarga tayanmasliklarini, tergov harakatlariga aralashmasliklarini, har bir xabar yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini hamda haqiqatga to`g`ri kelmaydigan, vahima chiqarishga qaratilgan ma`lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatib o`tamiz.

Kelgusida tergov harakatlari natijasi yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berilishi ta`minlanadi", deyiladi rasmiy xabarda. 

Eslatib o`tamiz, sal avval xabar qilganimizdek, "Darakchi" mazkur hodisa bo`yicha o`z surishtiruvini olib bordi. Shundan so`ng, kelinchakning zo`rlanishi voqeasi atrofidagi yolg`on va vahimali xabarlar paydo bo`ldi va holatga prokuratura munosabat bildirgan edi.

    Boshqa yangiliklar