O`quv yili yakunlanar ekan maktab ma`muriyati tomonidan maktablarni yangi o`quv yiliga tayyorlash harakatlari boshlanadi. Bu haqda XTV matbuot xizmati yozmoqda.
Bugun ommaviy axborot vositalaridan maktablarni joriy ta`mirlash masalalariga aslida kim mas`ul degan ko`plab savollar kelib tushmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentning tegishli Farmon va Qarorlari bilan umumta`lim maktablardagi qurilish ta`mirlash, obodonlashtirish, mavjud muammolarni hal qilish, kuz-qish mavsumiga tayyorlash, xalq ta`limi muassasalarini qo`llab-quvvatlash, ya`ni maktabning shakliga mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari shaxsan mas`ul etib belgilangan.
Lekin, joylarda maktablarning moddiy-texnik ahvoli qanday ekanligini barcha yaxshi biladi. Maktablarda yillar davomida yig`ilib qogan muammolar borligi, maktab doimiy e`tibor talab qiladigan maskan bo`lgani sababli ajratilayotgan mahalliy byudjet mablag`lari ularni hal qilishga har doim ham etmaydi.
Shu bois maktab ma`muriyati imkoni boricha yordam qila olishi mumkin bo`lgan ota-onalar va homiylarning yordamini olishga ham harakat qiladi. Biroq maktab ma`muriyatlariga hammaga bir xil yondashib, majburiy pul yig`ish holatlariga yo`l qo`yilmasligini, maktablarga yordam faqat ixtiyoriy bo`lish kerakligini yana bir bor eslatib o`tamiz.
Yurtimizda maktablarga yordam mavzusi umummilliy harakatga aylanib ulgurgan va bugun o`z farzandi tahsil olayotgan maktab sharoitini xolisona yaxshilamoqchi bo`lgan ota-onalar va homiylar anchagina.
"Shu o`rinda Xalq ta`limi vazirligi farzandi tahsil olayotgan maktablarga bee`tibor bo`lmayotgan, maktbalardan xolis yordamini ayamayotgan ota-onalarga, homiylarga va barcha rahbarlarga o`zining minnatdorchiligini bildiradi" deyiladi vazirlik xabarida.






