AsosiyJamiyat

Elektron tizim bilan ishlaydigan IT operator – hamshira lavozimi joriy etiladi

'Elektron tizim bilan ishlaydigan IT operator – hamshira lavozimi joriy etiladi'ning rasmi

Prezidentimizning “Sog`liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida tibbiyot sohasini raqamlashtirish va davlat xususiy sherikchilikni rivojlantirish bo`yicha ham bir qator muhim vazifalar belgilangan.

Jumladan, ushbu qarorga ko`ra, 2021 yil 1 iyundan boshlab Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog`liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmalariga amaldagi shtat birliklari doirasida boshliqning raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik bo`yicha o`rinbosari lavozimi joriy qilinadi.  

Bunda ushbu lavozimlarga tayinlanayotgan shaxslarning avvalgi davlat tashkilotlaridagi ish joyi bo`yicha oylik ish haqi miqdori yuqori bo`lgan taqdirda, ularning avvalgi ish joyi bo`yicha oylik ish haqi miqdori saqlab qolinadi.

Shuningdek, har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasida elektron tizim bilan ishlaydigan bir nafardan IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi.  

Bunda, ushbu lavozimlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 maydagi “Sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to`g`risida”gi PF–6221-son Farmoniga muvofiq ajratilayotgan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.

Bundan tashqari, boshqa tuman (shahar) hamda barcha viloyat va respublika davolash-profilaktika muassasalarida ularning amaldagi shtat birliklari doirasida IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi.

Ushbu hamshiralar hamda boshqa sog`liqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni o`qitish bo`yicha dastur ishlab chiqiladi hamda tuman (shahar) IT markazlarida bepul o`qitish mashg`ulotlari tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar