AsosiyJamiyat

Milliy markaz jamoasi – “Shon-sharaf” davlat muzeyida bo`lishdi

'Milliy markaz jamoasi – “Shon-sharaf” davlat muzeyida bo`lishdi'ning rasmi

28 may kuni Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Toshkent shahridagi “G`alaba bog`i” yodgorlik majmuasining “Shon-sharaf” davlat muzeyiga Rossiya Federasiyasi Davlat dumasi Mudofaa masalalari bo`yicha qo`mitasi raisi Vladimir Shamanovning sovg`asini topshirdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda. 

“Marshal Jukov” deb nomlanuvchi ushbu badiiy qimmatga ega nodir buyumlar majmui nafis did bilan ishlov berilgan rangin yog`och quticha va mo``jaz esdalik ruchkadan iborat. Uni general V.Shamanov o`tgan haftada O`zbekiston delegasiyasining Rossiyaga rasmiy tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan nashr etilgan “G`alaba bog`i falsafasi” kitobining Moskva shahrida o`tkazilgan taqdimoti paytida delegasiya rahbari A.Saidovga bergandi.

“Shon-sharaf” davlat muzeyi direktori, polkovnik Muxtorjon Shokirov noyob eksponat uchun minnatdorchilik bildirar ekan, ushbu qimmatli tuhfa muzeyning xorijlik davlat va jamoat arboblari taqdim etgan sovg`alar bo`limidan munosib joy egallashini ta`kidladi.

Muzeyga Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari tomonidan keyingi davrda ayni mavzudagi maqolalar chop etilgan gazetalar nusxalari va kitoblar ham taqdim etildi.

Shu kuni Milliy markaz jamoasi “Shon-sharaf” davlat muzeyi eksponatlari va “G`alaba bog`i” yodgorlik majmuasining boshqa ko`plab  monumentlari bilan tanishdilar.

Ma`lumot uchun: “Shon-sharaf” davlat muzeyiga 2020 yil oktyabr oyidan to bugungi kunga qadar, koronavirus sharoitiga qaramay, 400 ming nafardan ortiq ziyoratchi tashrif buyurgan.

Muzeydagi eksponatlarning jami soni 30 mingtaga yaqin bo`lib, shundan 12 mingtasi namoyishga qo`yilgan. Bu tarixiy ashyolarning aksariyati yurtdoshlarimiz – urush ishtirokchilari va mehnat fronti qatnashchilarining oila a`zolari tomonidan muzeyga tuhfa etilgan.

Yaqinda muzeyning nodir eksponatlari qatoridan akademik A.Saidovning “G`alaba bog`i falsafasi” kitobi ham joy oldi.

    Boshqa yangiliklar