1

1 iyundan boshlab nimalar o`zgaradi?

Jamiyat 31.05.2021, 12:56
1 iyundan boshlab nimalar o`zgaradi?

norma.uz portali 2021 yil 1 iyundan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o`zgarishlar sharhini taqdim etdi.

Qurilish ustidan nazorat joriy qilinadi

Ob`ektlardagi qurilish-montaj ishlari bo`yicha shartnoma majburiyatlarining buzilganligi uchun buyurtmachi foydasiga sud va sudgacha hal qilish tartibida undirilgan jarima (sanksiya) va penyalar, shuningdek, xaridlar jarayoni talablari buzilganda, garov, kafolat, zakalat tarzida ta`minlash uchun kiritilgan davlat xaridlari ishtirokchilari mablag`larining 50%i - davlat byudjetiga hamda qolgan 50%i - buyurtmachi xizmati hisobraqamiga yo`naltiriladi;

buyurtmachi xizmatining shtatlar jadvali va ta`minot harajatlari smetasini ro`yxatdan o`tkazishda texnik nazorat mutaxassislari uchun xizmat safari xarajatlarining ob`ektlar joylashgan masofadan kelib chiqib, joriy narxlarda belgilanadi.

Pensiya - soddalashtirilgan tartibda

2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;

uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo`yicha aniqlangan ortiqcha to`lovni undirish bekor qilinadi;

ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o`rtoqlari kelgusida pensiya ta`minotiga ega bo`lishlari uchun o`z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to`lash huquqi beriladi;

pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko`ra ro`yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo`yicha tayinlanadi va to`lanadi;

pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamg`armasining tegishli bo`limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;

pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har 6 oyda Pensiya jamg`armasining bo`limiga kelish hamda mas`ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o`tkazish majburiyati bekor qilinadi.

Byurokratiya kamayadi

Quyidagi tartib o`rnatiladi:

fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro`yxatdan o`tgan joyidan qat`i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;

notarial harakatlarni amalga oshirishda FHDYo bilan bog`liq barcha ma`lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma`lumot talab qilmasdan, «FHDYoning yagona elektron arxivi» AT orqali olinadi;

tadbirkorlik sub`ekti bo`lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig`im va davlat boji to`lovlarini to`lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to`lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;

davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to`langan to`lovlar va davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko`rsatish uchun qo`shimcha to`langan yig`imlar summasi (tezlashtirilgan tartibda ko`rsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining (keyingi o`rinlarda – Agentlik) byudjetdan tashqari jamg`armasi mablag`lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi.

Quyidagilar bekor qilinadi:

xorijiy tijorat tashkilotlarining O`zbekiston hududidagi vakolatxona xodimini akkreditasiya qilishda unda OIV kasalligi yo`qligi to`g`risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti;

davlat xizmatini ko`rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo`yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Ushbu hujjatlar elektron shaklda YaIDXP orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi;

FHDYo organlari tomonidan davlat statistika organlariga dalolatnoma yozuvlarining nusxalarini yuborish va hisobotlarni topshirish amaliyoti;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tadbirkorlik sub`ektlari to`g`risidagi ma`lumotlarni Agentlik va davlat xizmatlari markazlaridan so`rash amaliyoti;

davlat organlari, xo`jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan hamda tadbirkorlik sub`ektlaridan quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish:

ruhiy kasalliklar bo`yicha dispanser va narkologiya bo`yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;

sudlanganlik, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy, soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;

manzil-ma`lumot axboroti va boshqalar.

To`liq ro`yxat bu erda.

Uy-joy masalasi

Quyidagilar joriy etiladi:

ipoteka krediti bo`yicha dastlabki badal va foiz to`lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar to`lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:

a) fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkin;

b) subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin;

v) subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchidan «Ijtimoiy himoya yagona reestri» AT (keyingi o`rinlarda - Tizim) orqali olish mumkin bo`lgan hujjatlarni (ma`lumotlarni) talab qilish man etiladi;

g) uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish to`g`risidagi xabarnoma ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi;

Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshpanasiz, og`ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarga oylik pul kompensasiyani to`lash tartibi joriy qilinadi. U Tizimda ro`yxatga olingan fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun mahalliy byudjet mablag`laridan 6 oy davomida oylik ijara to`lovining 50%i miqdorida, biroq 2,5 BHMdan (612 500 so`m) oshmagan holda to`lanadi.

Bolalarga vitaminlar - bepul

Aholining quyidagi toifalari quyidagilar bilan bepul ta`minlanadi:

6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutrient kukuni bilan;

6 oylikdan 5 yoshgacha bo`lgan bolalar “A” vitamini bilan;

2-10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo`yicha maxsus preparatlar bilan.

Davlat organlarining funksiyalarini bajarish xususiy sektorga o`tkaziladi

Davlat organlari va tashkilotlarining ichki ma`muriy-xo`jalik faoliyatini ta`minlash va saqlash bo`yicha funksiyalarini bajarish xususiy sektorga o`tkaziladi.

Bunda:

Moliya vazirligi olib borilgan tahlillar, samaradorlikni o`rganish natijalari va aniq hisob-kitoblari asosida salbiy xulosa berishi mumkin – bunda ularni o`tkazish amalga oshirilmaydi;

davlat organlari va tashkilotlari ko`rsatilgan funksiyalarni o`zi muassis bo`lgan davlat korxonalariga yuklay olmaydi;

Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatining (DYHXX) nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish bo`yicha faoliyatini to`xtatiladi. Bunda IIVga quyidagilar topshirildi:

- haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish huquqiga ega bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlari hamda davlat xizmatlari markazlari bilan o`zaro axborot almashinuvi yo`lga qo`yilishini tashkil etish choralarini ko`rish;

- tadbirkorlik sub`ektlarida haydovchilik guvohnomasini olish uchun o`tkaziladigan nazariy va amaliy imtihonlar jarayoni ustidan DYHXX vakilining bevosita yoki onlayn nazoratini ta`minlash.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar qo`llab-quvvatlanadi

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30%i, biroq BHMning 25 baravarigacha bo`lgan (6 125 000 so`m) miqdori «yoshlar daftari» jamg`armalari hisobidan kompensasiya qilinadi;

professional ta`lim tashkilotlarida tahsil olayotgan «yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab-chiqarish yoki xizmat ko`rsatish korxonalarida amaliyot o`tagan vaqtida, biroq 6 oydan ko`p bo`lmagan muddatda professional ta`lim tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan BHMning ikki baravari miqdorida (490 000 so`m) har oylik subsidiya ajratiladi;

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta`lim fanlari bo`yicha nodavlat ta`lim tashkilotlarida o`qish xarajatlarining 50%i, biroq umumiy hisobda BHMning 5 baravarigacha bo`lgan miqdori (1 225 000 so`m) hamda ular bo`yicha milliy sertifikatlar olish uchun o`tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlari Yoshlar ishlari agentligiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablag`lar hisobidan kompensasiya qilinadi;

«Mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning haydovchilik kurslarida o`qish xarajatlari BHMning 4 baravari miqdorigacha (980 000 so`m) va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag`lar hisobidan qoplanadi;

XK va tashkilotlarga ishga qabul qilingan hamda faoliyat boshlaganiga 6 oydan oshmagan «yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida o`qitish bilan bog`liq bo`lgan xarajatlarning BHMning 4 baravarigacha bo`lgan qismi ko`rsatilgan yuridik shaxslarga davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag`lar hisobidan kompensasiya qilinadi;

yoshlarga xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50%gacha bo`lgan qismi qoplab beriladi.

Tadbirkorlarga - er, soliqlarni va bojxona to`lovlarini bo`lib-bo`lib to`lash

Infratuzilmaga yaqin joylarda, shu jumladan respublika ahamiyatidagi yo`llarga tutash bo`lgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro`yxat bo`yicha unumdorligi past, foydalanishda bo`lmagan qishloq xo`jaligi erlarini sanoat va xizmat ko`rsatish ob`ektlarini barpo etish uchun loyiha asosida investorlarga «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali ajratishga ruxsat beriladi;

3 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko`rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to`lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko`ra soliq qarzini to`lash imkoniyatiga ega bo`lmayotgan tadbirkorlik sub`ektlariga soliqlarni bo`lib-bo`lib to`lash huquqi beriladi;

3 yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug`ullanayotgan, bojxona to`lovlari bo`yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko`ra to`lovlarni belgilangan muddatda to`lash imkoniyatiga ega bo`lmayotgan TIFlariga bojxona to`lovlarini bo`lib-bo`lib to`lash huquqi beriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1