1

Alisher Navoiy maqbarasi ta`mirlanadi — Prezidentga loyiha taqdimot qilindi

Jamiyat 31.05.2021, 22:57
Alisher Navoiy maqbarasi ta`mirlanadi — Prezidentga loyiha taqdimot qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 31 may kuni turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar hamda Alisher Navoiy maqbarasini ta`mirlash va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi. 

Prezidentimiz buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy maqbarasini ta`mirlash va tiklash, uning atrofini obodonlashtirish loyihasiga alohida e`tibor qaratdi.

Afg`onistonning Hirot shahridagi Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o`rganib chiqish vazifasi Prezidentimizning 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to`g`risida”gi qarorida belgilangan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta`minlash doirasida mamlakatimiz mutaxassislari afg`onistonlik hamkasblari bilan birgalikda maqbarani joyida o`rgandi. O`rganishlar natijasida an`anaviy me`morchilik, san`at va bezak elementlaridan foydalangan holda maqbarani ta`mirlash va tiklash loyihasi ishlab chiqildi.

Bugun taqdim etilgan loyihaga ko`ra,  maqbaraning kirish va qolgan yo`laklariga Hazrat Navoiyning hikmatli suzlari bitilgan kitob ko`rinishidagi belgilar qo`yiladi hamda dekorativ o`tirgichlar o`rnatiladi.

Kirish qismida sakkiz burchakli masjid bunyod etiladi. Kirish peshtog`idan hovli qismining chap va o`ng tomonida yopiq uslubda ayvonlar barpo etiladi. Maqbaraning tashqi ko`rinishiga bezak beriladi. Gumbaz, maqbara oldi va yon qismlari mayolika elementlari bilan ishlanadi. Majmua hududi ko`kalamzorlashtiriladi.

Davlatimiz rahbari loyihalar bilan tanishib, mutasaddilarga ularni sifatli amalga oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1