Bugun, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni.
«Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» 1925 yilda Jenevada bolalar farovonligi bo`yicha butunjahon konferensiyasida e`lon qilingan. Shundan buyon, jahonning ko`plab mamlakatlarida 1 iyun kuni nishonlanadi.
Ammo «Bolalar kuni» 1857 yil iyun oyining ikkinchi yakshanbasida AQShning Massachusets shtati, Chelsi shahridagi Universalist cherkovi pastori, doktor Charlz Leonard tomonidan boshlab berilgan bo`lib, bu kun «atirgul kuni» deb ataladi. Lekin keyinchalik esa «bolalar» kuni deb nomlana boshlangan.
«Bolalar kuni» birinchi marta Turkiya Respublikasi tomonidan 1920 yil 23 aprelda rasmiy ravishda milliy bayram deb e`lon qilingan. Mamlakatda «bolalar kuni» 1920 yildan beri milliy miqyosda nishonlanib kelinmoqda, hukumat va o`sha vaqtdagi gazetalar bu kunni «bolalar uchun kun» deb e`lon qilgan edi. Bu boradagi rasmiy hukumat deklarasiyasi 1929 yilda Turkiya Respublikasining asoschisi va Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk tomonidan e`lon qilindi.
1 iyun – Xalqaro bolalar himoya qilish kuni dunyoning 50 ga yaqin mamlakatlarida nishonlansa ham, boshqa ko`plab davlatlarda har yili 20 noyabr kuni «Xalqaro bolalar kuni» sifatida birdek nishonlanadi.
1959 yil 20 noyabrda «Bola huquqlari deklarasiyasi» 1989 yil 20 noyabrda «Bola huquqlari to`g`risidagi konvensiya» Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilindi hamda bu kabi muhim xalqaro hujjatlarning qabul qilinishi jahonning keng jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olindi.
Xalqaro YuNISEF tashkiloti ham jahonning ming yillik dasturlarini ishlab chiqishda ham faollik ko`rsatib, bolalarning ehtiyojlariga mos keladigan sakkizta maqsadlarni ming yillik dasturlarga kiritishga erishdi.
Umumjahon bolalar kuni bu nafaqat bolalarni kimligini nishonlash kuni, balki butun dunyo bo`ylab zo`ravonlik, ekspluatasiya va diskriminasiya shaklida zo`ravonlikka duch kelgan bolalarni himoya qilishga ham chorlaydi.
O`zbek xalqi ham azal-azaldan bolajon. Yurtimizning qaysi bir go`shasiga bormang, bolalarga ko`rsatilayotgan g`amxo`rliklarning guvohi bo`lasiz.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda bolalar manfaatlarini himoya qilishga alohida e`tibor qaratildi. Yosh avlodni jismonan va ma`nan sog`lom qilib voyaga etkazish, farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko`tarildi.
Bugun ham O`zbekistonda bayram. Zero, bolalarni himoya qilish kuni bayramining maqsadi keng jamoatchilik diqqatini barcha o`sib kelayotgan bolajonlarga ayniqsa, muammoli bolalarga, ularning huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega bo`lishlariga va o`z mamlakatining to`la-to`kis va xotirjam fuqarosi bo`lib o`sishlariga ishonch uyg`otishdir.