2-3 iyun kunlari Toshkentda “Inson huquqlarini himoya qilish va targ`ib qilishda parlamentning roli: nogironlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va qiynoqlarga qarshi kurashish” mavzuida Parlament Forumi o`tkazilmoqda. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi O`zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo`yicha parlament komissiyasi, BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi, BMTning O`zbekistondagi Taraqqiyot dasturi va Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ikki kunlik Forumda uchta muhim mavzu muhokama qilinadi. Bular – birinchidan, BMTning inson huquqlari sohasi bo`yicha tizimi faoliyatida parlamentning ishtiroki; ikkinchidan, Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyani ratifikasiya qilishning ahamiyati; uchinchidan, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga Qo`shimcha protokolni ratifikasiya qilish orqali qiynoqlarni bartaraf etish masalalaridir.
Tadbir davomida xalqaro va milliy ekspertlar BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi va BMT shartnomaviy organlari bilan hamkorlik, Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyaning bajarilishi hamda milliy preventiv mexanizm salohiyatini kuchaytirish bo`yicha ilg`or tajribalar xususida so`z yuritdi.
Forumda asosiy e`tibor Inson huquqlari sohasidagi O`zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo`yicha parlament komissiyasining BMTning inson huquqlari bo`yicha asosiy mexanizmlari bilan o`zaro hamkorlik qilish va inson huquqlari sohasidagi tavsiyalarni bajarish borasidagi salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta`kidlaganidek, mamlakat parlamenti tarkibidagi mazkur yangi Komissiya Parlamentlararo Ittifoqning 2020 yil 25 sentyabrdagi tavsiyalari doirasida tashkil etilgan. Parlament komissiyasi mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi hamda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi amalga oshirilishiga ko`maklashmoqda.
Inson huquqlari sohasida alohida vakolatga ega bo`lgan yangi Parlament komissiyasining tashkil etilishi – O`zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga sodiqligini tasdiqlaydigan dadil siyosiy qadamdir. Bu amaliy qadam:
birinchidan, mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish va bu borada parlament nazorati samaradorligini oshirish;
ikkinchidan, inson huquqlari sohasidagi milliy siyosatning parlament tomonidan muvofiqlashtirilishini takomillashtirish, parlament Ombudsmani, inson huquqlari bo`yicha milliy muassasalar va fuqarolik jamiyatining inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo`yicha vakillari bilan o`zaro hamkorlik va maslahatlashuvlarni kuchaytirish;
uchinchidan, parlamentning inson huquqlari sohasida xalqaro va parlamentlararo hamkorligini faollashtirish, xususan, BMTning shartnomaviy organlari, Parlamentlararo Ittifoqning inson huquqlari bo`yicha tuzilmalari faoliyatida ishtirok etish borasida muhim o`rin tutadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar keng jamoatchilik va jahon hamjamiyati tomonidan to`liq qo`llab-quvvatlanmoqda, dedi A.Saidov. Bunday ijobiy holat, bir tomondan, O`zbekiston davlatimiz rahbari belgilab bergan milliy taraqqiyot yo`lidan dadil borayotgani, boshqa tomondan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi o`rni va nufuzi tobora oshayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.
Yaqinda, 29 may kuni Oliy Majlis Senati majlisida Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan "Nogironlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiyani (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikasiya qilish to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi muhokama qilindi va tasdiqlandi.
Mazkur Konvensiyaning ratifikasiya qilinishi O`zbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilish bo`yicha qo`shimcha kafolatlar yaratish, qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va ular uchun teng imkoniyatlarni ta`minlash borasida davlat organlarining mas`uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Markaz direktori qiynoqlar qo`llanilishiga qarshi kurashish masalasiga ham to`xtalar ekan, O`zbekistonda xalqaro majburiyatlarni, shuningdek BMT ustav va shartnoma organlari tavsiyalarini bajarish doirasida qiynoqlarga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishga ustuvor e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi.
Qiynoqlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida Evropa ekspertlari ishtirokida jinoyat qonunchiligida "qiynoqlar" tushunchasini yanada takomillashtirish, qiynoqlarning oldini olish bo`yicha milliy profilaktika mexanizmini yaratish yuzasidan maslahatlashuvlar o`tkazildi.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, O`zbekiston parlamenti inson huquqlarini, shu jumladan qiynoqlardan ozod bo`lish huquqini ta`minlash masalasini faol qo`llab-quvvatlamoqda.
Forumda BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Rishard Komenda ishtirok etdi va so`zga chiqdi.
“Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasi BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi bilan hamkorlikni izchil kengaytirayotganini hamda Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiya va Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga Fakultativ protokolni ratifikasiya qilish va amalga oshirish yo`lida dadil ish olib borayotganini ko`rib turibmiz, – dedi R.Komenda. – Biz parlamentning inson huquqlari sohasidagi roli mustahkamlanishini qo`llab-quvvatlaymiz va bu jarayonga fuqarolik jamiyatini yanada keng jalb etishga chaqiramiz”.






