AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vaziri Janubiy Koreyada bo`lib turibdi

'Sog`liqni saqlash vaziri Janubiy Koreyada bo`lib turibdi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibaev boshchiligidagi delegasiya Janubiy Koreyada bo`lib turibdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Delegasiya tarkibidan yurtimiz sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosarlari Ulug`bek Sabirov va Abdulla Azizov, qurilish vaziri o`rinbosari Nasrulla Boboev, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariev, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag`olib Tillashayxov joy olgan.

Tashrifdan ko`zlangan maqsad — saraton kasalligini davolash bo`yicha Janubiy Koreyaning eng ilg`or amaliyotlarini o`rganish, ushbu mamlakatdagi sheriklar bilan sog`liqni saqlash sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo`yicha muzokaralar o`tkazish, shuningdek, maxsus saraton shifoxonalari va markazlarini qurish yuzasidan tajriba almashishdan iborat.

O`zbekiston delegasiyasi «Osong Bio-Valley» loyihasini amalga oshiruvchi «Osong» jamg`armasi faoliyati bilan tanishdi. Jamg`arma rahbari Cha Sang Xun bilan uchrashuvda «Tashkent Pharma Park» va «Osong Bio-Valley» farmasevtika klasterlari o`rtasida tajriba almashish va texnologiyalar, qo`shma tadqiqotlar, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish, sanoat ishlab chiqarishini yaratish sohalarida o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish yuzasidan fikr almashildi.

Safar chog`ida Janubiy Koreya tomoni biotexnologiya, yangi farmasevtika, biotibbiyot preparatlari ishlab chiqarish, tibbiy asbob-uskunalari va hayvonlar laboratoriyasi sohasida o`quv markazlarini barpo etish bo`yicha o`z tajribalari bilan o`rtoqlashdi. Mazkur markazlar rahbarlari o`z faoliyatlari, jumladan, Janubiy Koreyadagi etakchi oliy ta`lim muassasalari, farmasevtika va ilmiy-tadqiqot kompaniyalari, shuningdek, davlat idoralari bilan o`zaro hamkorlik haqida batafsil ma`lumot berdi.  

Tomonlar O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirligi va tegishli tashkilotlar bilan yaqin va uzoq muddatli hamkorlikni yo`lga qo`yishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muzokaralar natijasida hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatni imkon qadar tez muddatda ishlab chiqish, o`zbekistonlik mutaxassis hamda menejerlarni malaka oshirish va tajriba almashish uchun «Osong» fondiga taklif etish, shuningdek, «Tashkent Pharma Park» farmasevtika klasterining Toshkent viloyatidagi filiali faoliyatini Janubiy Koreya mezonlariga muvofiq holda tashkil etish yuzasidan o`zaro kelishuvga erishildi.

    Boshqa yangiliklar