Barchaga yaxshi ma`lumki, kuchli jala yomg`irlari kuzatilganda tog` oldi va tog`li hududlarda sel toshqinlari vujudga keladi.
Changli bo`ron – bu atmosfera hodisasi bo`lib, er yuzidan katta miqdordagi qum va changlarni kuchli shamol ta`sirida ko`tarilishidir.
Bizning hududimizda bunday jarayonlar ko`pincha bahorda va yozning boshida rivojlanadi.
O`zbekiston, shuningdek Markaziy Osiyoning barcha hududlari uchun changli bo`ron juda tez-tez uchraydigan hodisadir. Ko`pincha bunday hodisalar qurg`oqchil hududlarda - cho`l va yarim cho`l hududlarda sodir bo`ladi.
Ushbu yilning may oyida O`zbekiston hududi bo`yicha bir nechta changli bo`ron hodisalari kuzatildi. Hatto Toshkentda ham 29 may kuni shiddatli kuchli shamol hisobiga changli bo`ron kuzatildi.
Toshkent qurg`oqchil hudud deb hisoblanmaydi, lekin so`nggi yillarda O`zbekistonda va Toshkent shahrida jadal sur`atlar bilan olib borilayotgan qurilishlar juda katta miqdordagi qum va changning paydo bo`lishiga sabab bo`lmoqda, ular hatto kuchsiz shamol esganda ham havoga ko`tariladi.
Kushrabad (Samarqand viloyati) meteostansiyasida soat taxminan 15:18 larda shimoli-g`arbdan kuchli shamol boshlanib, 20 m/s gacha etgan, shuning okibatida qumli bo`ron ko`tarilgan va taxminan 16:20 larda tingan.






