Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov ma`lumot berdi:
«Er usti halqa metro liniyasi qurilishining uchinchi — yakunlovchi bosqichi «Sergeli-Qo`yliq» yo`nalishida jadal davom ettirilmoqda. Mazkur ishlar Prezident qarori ijrosi doirasida olib borilmoqda.
Tabiiyki, ulkan bunyodkorlik maydonida qaysidir daraxt yoki butani ko`chirishga to`g`ri keladi. Yana bir tomoni — hamma daraxtlarni ham ko`chirib bo`lmaydi.
«Sergeli-Qo`yliq» yo`nalishida metro qurilishida ana shunday holat yuzaga kelganda qanday tartib amal qilishi O`zbekiston Prezidentining joriy yil 23 aprelda Toshkent shahrida barpo etilayotgan zamonaviy korxonalar faoliyati, shuningdek, mahallalarda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish jarayonida bergan topshiriqlari BAYoNIda ko`rsatib o`tilgan.
Unga muvofiq, mazkur hududda joylashgan o`rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni ko`chirishga, ko`chirish imkoni bo`lmaganda, istisno tariqasida kesishga ruxsat berilgan.
Bunda, moratoriy talablaridan kelib chiqib, kesiladigan har bir daraxt uchun kompensasiya sifatida 10 tup qimmatligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo`lmagan ko`chatlarni ekish va ularni ikki yil davomida parvarishlash majburiyati yuklatiladi.
Shu munosabat bilan Davlat ekologiya qo`mitasi Toshkent shahar boshqarmasi mutasaddilari soha mutaxassislari va ekolog-inspektorlarni jalb qilgan holda, qurilish rejalashtirilgan katta hududdagi daraxtlarni to`liq inventarizasiyadan o`tkazishdi. Unga ko`ra, er usti metrosining Mirobod tumanidan o`tadigan qismida 66 ta, Sergeli tumanidan o`tadigan qismida 168 ta, Yangi hayot tumanidan o`tadigan qismida esa 551 ta (jami 785 ta) daraxt borligi aniqlandi. Bularning orasida safora, terak, archa, tut, yong`oq, o`rik, eman, shumtol, qayrag`och, chinor singari daraxtlar bor. Ularni qaerga ko`chirish mahalliy tuman hokimliklari bilan, qanday ko`chirish esa biolog olimlar bilan maslahatlashilmoqda. Maqsad bitta — imkon qadar barchasini saqlab qolishdan iborat.
Yana tabiiy savol tug`ilishi mumkin: baribir bir necha daraxtni kesishga to`g`ri kelganda — ushbu yog`och xomashyosidan kim qanday foydalanadi? Bu savol ham ekologlar tomonidan qurilish tashkilotlari va hokimliklar oldiga qo`yilgan. Masalaning echimi sifatida esa avval daraxtni Obodonlashtirish boshqamasi balansiga o`tkazish va shundan keyin yog`ochni yo hunarmandlarga taqdim etish, yoki boshqarmaning zaruriy ehtiyojlari uchun ishlatish rejalashtirilmoqda».






