Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda "Mahalla va oila" ilmiy-tadqiqot instituti direktor o`rinbosari Hamid Abduramanov ma`lum qildi:
«Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlari ko`ra, 2020 yilda 88 ta erta nikoh holati qayd etilgan. Tahlillar o`tgan yilga nisbatan erta nikohlar sonining 97,0 foizga kamayganini ko`rsatdi.
Buning asosiy sabablaridan biri 2019 yil 1 sentyabrdan erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi tenglashtirilgani, Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish bo`limlari tomonidan faqat tuman, shahar xokimi tomonidan nikoh yoshini 1 yilga kamaytirishga ruxsat berilgan nikohlar qayd etilishi bilan izohlanadi. Lekin amaliyot aksariyat holatlarda erta nikoh yashirin tusga egaligini unutmasligimiz darkor.
Tahlillar erta nikoh holatlari asosan Urgut, Samarqand, Pastdarg`om, Kattaqo`rg`on, Denov, Shahrixon tumanlari, Namangan, Samarqand va Andijon shaharlarida ko`p qayd etilganini ko`rsatdi.
2020 yilda 1044 ta erta tug`ruq holati qayd etilgan bo`lib, 2019 yilga nisbatan 12,7 foizga kamaygan. Ammo hududlar kesimida tahlil qilinganda, erta tug`ruqlarning qariyb yarmi, ya`ni 43,1 foizi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari ulushiga to`g`ri keladi».






