30 may kuni Jizzax shahri Zilol mahallasida joylashgan "Trans energio oil" avtomobillarga gaz quyosh shaxobchasida yong`in sodir bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi xabar berdi.
Voqea 1984 yilda tug`ilgan haydovchi boshqaruvidagi Dongfeng rusumli avtomobilga gaz quyish jarayonidagi birgina xato tufayli yuz bergan.
Haydovchi avtomobiliga ulangan gaz shlangini uzmasdan harakatlangani yong`inni keltirib chiqargan. Yong`in natijasida jarohatlanganlar yo`q. Avtomashina esa to`liq yonib ketgan.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.