Internet ijtimoiy tarmoqlarida Qashqadaryo viloyatida unashtirilgan yigit va qizni asossiz ushlab turilgani haqida video tarqaldi. Holatga Qashqadaryo viloyat IIB Axborot xizmati oydinlik kiritdi.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 8 aprel kuni Koson tumanidagi “Do`stlik” mahallasi hududida fuqaro G`.A unashtirilgan qizi O.H bilan “Kobalt” rusumli avtomashinada o`zaro suhbatlashib o`tirganda, katta leytenant I.Fayzullaev hamkasbi katta leytenant F.Astanov bilan birga G`.Ani avtomashinasini asossiz va hech qanday hujjatlarsiz jarima maydoniga kiritib, O.Hni engil tabiatli ayol sifatida ro`yxatga olishni bildirib, dastlab tuman tibbiyot birlashmasidan tan jarohati bor yoki yo`qligi haqida tibbiy ko`rikdan o`tkazib, so`ngra tuman IIBga olib borishgan.
Qashqadaryo viloyati IIB mas`ul xodimlari tomonidan I.Fayzullaev va F.Astanovlar sodir qilgan mazkur salbiy holat aniqlanib, ulardan fuqarolar G`.A.va uning unashtirilgan qizi O.Hni nima sabab tuman IIBga olib kelib, ushlab utirganligi so`ralganda, ular tomonidan hech qanday asoslantiruvchi xujjatlar taqdim etilmagan.
Holat yuzasidan ma`sul xodimlar tomonidan katta leytenant I.Fayzullaev va katta leytenant F.Astanovlardan tushuntirish xati olib bo`lingandan so`ng, ular tomonidan holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirishga harakat qilinib, bildirgi yozishib ro`yxatdan o`tkazishga erishishgan.
Ma`sul xodimlar tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida I.Fayzullaev va F.Astanovlar fuqarolar G`.A. va O.Hlarning mazkur mahallada yashashligi, ularning shaxsi va yashash manzili aniq bo`lishiga qaramasdan, 4 soat davomida ushlab o`tirgan bo`lsada, ularga nisbatan hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan, fuqaro G`.Adan 4.900.000 so`m miqdorda pul olib kelishini talab qilib, uning yonida bo`lgan “Samsung” rusumli qo`l telefoni va 200.000 so`m pullarini olib, avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarishga ruxsat berganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Koson tumani IIB mas`ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilib, katta leytenant I.Fayzullaev va katta leytenant F.Astanovlar IIO safidan bo`shatilgan va ularning harakatiga qonuniy baho berish uchun to`plangan xujjatlar Koson tuman prokraturasiga yuborilgan.
Shuni ma`lum qilamizki Ichki ishlar organlari tizimiga adashib kirib qolgan xodimlarni tizimdan tozalash ishlari tizimli tarzda davom ettirilmoqda.






