Bugun, 14 mart tongida xonanda Shahnozabonu 42 yoshda olamdan ko`z yumdi. Bu xabar butun shou-biznes vakillari, xonandani tanigan-bilganlarni esankiratib qo`ydi.
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Yarasheva “Qalampir.uz” nashri bilan suhbatda marhuma Shahnozabonuni xotirladi.
“Shahnozabonu qalbimizni parchalab, ko`zimizni yoshga to`ldirib ketdi. U bilan 1997 yilda tanishganmiz. O`shanda Shahnoza Yulduz Usmonovaning qo`shiqlarini maromiga etkazib kuylab chiqqandi. Biror erga borsam ham mashinadan tushmay, uning qo`shiqlarini eshitib o`tiraverardim. Bir kuni tug`ilgan kunimga qo`lida sovg`a-salom bilan bir qiz kirib keldi. “Men Shahnozabonuman”, – deb o`zini tanishtirdi. O`shandan buyon qalin opa-singillarga aylandik. Singlisi Feruzani uzatganida borib yonida turdim, kelin salomlarini o`tkazdim. Keyin “Qizalog`im” nomli she`rimni qo`shiq qilib kuylab chiqdi. Mana, necha yillarkim bu qo`shiq odamlar tilidan tushmay kelyapti.

Bir kuni Shahnoza o`g`limni uylantirmoqchiman, yaxshi qizlar bo`lsa, tavsiya qiling, dedim. Amakilarining qizi borligini aytdi. Yo`q, san`atkorlar oilasidan bo`lsa, yaxshi bo`lardi, singlingiz-chi desam, “Singlim soddaroq, sizga ma`qul bo`larmikin”, – dedi. Taqdir ekan, o`g`limga Shahnozabonuning singlisini kelin qildik. Shahnoza singlisini ota-onasiga tirgak bo`lib, hech kimdan kam qilmay uzatdi. U juda jigarjon, mehribon, borini yaqinlariga, opa-singillariga ulashadigan, o`zida bor narsani boshqalarda ham bo`lishini niyat qiladigan ayol edi.
Shahnozabonu hamma ta`riflayotganidek mard ayol edi. U o`limni ham mardonavor qabul qildi. Umurtqa bo`yin sohasidagi jarrohlik operasiyasiga boshqalar bilan maslahatlashib, oxirini o`ylab o`tirmay rozi bo`ldi. Xususiy klinikida operasiya o`tkazildi, ahvoli yomon emasdi. Yaratganning irodasi shu ekan...
Shahnoza onasining o`limidan keyin ancha so`lib qoldi, anchagacha o`ziga kelolmadi. Aslida dunyoda yaqin kishisini yo`qotgandan og`ir dard yo`q. Shahnoza bunday yo`qotishlarning ko`piga bardosh berdi, biroq onasining vafotiga emas... Ortidan bo`zlab qolgan qizi Umidani o`ylasam... U yakkayu yagona qizini eru-ko`kka ishonmasdi.
Shahnozabonu yashashni yaxshi ko`rardi. Uning boshidan ko`p qiyinchiliklar o`tgan, og`ir kunlarni ayol boshi bilan enga olgan. Biroq hech qachon birovga ichidagi dardini, muammolarini aytmasdi, hayotdan zavqlanib yashaydiganlardan edi. Shuncha yil quda-andachilik qilgan bo`lsak, siz degan gapimiz senga bormagan. Bu ham bo`lsa Shahnozabonuning odamgarchiligi va salom-alikni o`rniga qo`yishidan dalolat”—deydi aktrisa.
Ma`lumot uchun, aktrisa Ra`no Yarasheva Shahnozabonuning singlisi Nargizani kelin qilgan.





